Ma’lumki, joriy yilning 21 noyabr-18 dekabr kunlari Qatarda futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionati bahslari bo‘lib o‘tadi.
Xo‘sh, dunyo futbol ishqibozlarining diqqat-e’tiborida turgan mazkur chempionat chiptalarining onlayn xaridlarida qancha kishi ishtirok etdi? Bugungacha jahon chempionati chiptalarini sotib olish uchun qancha kishi murojaat qildiyu, uning holati davlatlar taqsimotida qay ko‘rinishda?
Kuni kecha FIFA bu borada o‘z hisobotini e’lon qildi.
Bu haqda Xalqaro olimpiya qo‘mitasining tegishli saytlari xabar tarqatdi.
Xabarda aytilishicha, JCH-2022 chiptalari sotuvining birinchi bosqichi yakunlandi: 20 kun ichida 17 million so‘rov kelib tushgan.
Doxadagi Lusail stadionida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati finali muxlislarning eng ko‘p e’tiborini tortadigan o‘yin sifatida e’tirof etildi. Birgina o‘sha kungi o‘yin uchun 1,8 million kishi ariza topshirgan.
Ushbu davr mobaynida Argentina, Braziliya, Angliya, Fransiya, Hindiston, Meksika, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Amerika Qo‘shma Shtatlari chipta so‘rovlari uchun eng qaynoq bozorlar sifatida qayd etilgan. Chiptalar uchun eng ko‘p arizalar esa, tabiiyki, mezbon mamlakat Qatarga tegishli bo‘lib turibdi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA