Futbol –hamisha ko‘pchilikning e’tibor markazida bo‘lib kelgan mavzu. Shu bois, joriy yil okean ortining uchta mamlakatida o‘tadigan navbatdagi Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan jamoalarga qiziqish har qachongidan ham yuqori.
Millionlab sport muxlislari orziqib kutayotgan jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgani barchamizga cheksiz iftixor bag‘ishlayotgani bilan birga, katta mas’uliyat yuklayotganini qalban his etib turibmiz.
Xo‘sh, dunyoning eng kuchli 48 ta milliy terma jamoalari ishtirokida tashkil etiladigan Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibi qay ko‘rinishda bo‘ladi? Vatanimiz sharafini himoya qiladigan terma jamoa libosini qaysi futbolchilar kiyishga munosib?

Bugun ushbu mavzu va uning tegrasidagi o‘nlab masalalar futbol muxlisu mutaxassislarni tomonidan keng muhokama etilayotgani ham aslida Vatan sha’nini munosiblar himoya qilishiga qaratilganidan dalolat, deyish mumkin.
Shu o‘rinda aytish lozim, Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishda yashil maydonda borini berib harakat qilgan, bu yo‘lda fidoyilik ko‘rsatgan barcha futbolchilarimiz milliy terma jamoa libosiga har jihatdan munosib ekanligini ta’kidlagan holda jamoaning asosiy “yadro” tarkibi xalqaro maydonlarda o‘tkazilayotgan o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatayotgan 6-7 nafar mahoratlilar hisobiga deyarli ma’lum ekanini ko‘pchilik ishqibozlar yurak-yuragidan his etib turibdi.
Shunday vaziyatda milliy terma jamoa bosh murabbiy Fabio Kannavaro tarkibni yosh iste’dodlar bilan to‘ldirish, yangi nomlarni kashf etish ishtiyoqi bilan izlanishlar olib borayotganini ham aytib o‘tdi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmatiga bergan intervyusida Kannavaro futbolchining necha yoshga kirgani muhim emasligini, iste’dodi va jangchi sifatidagi fe’l-atvori asosiy o‘rin tutishini, mahorat egasi 17-19 yoshda tayyor bo‘lsa, milliy jamoaga jalb qilinishi kerakligini, har qanday talant egasi yoshi bilan bog‘liq holda U-21, U-23 jamoalarida qolib ketmasligini ta’kidladi.
Shuningdek, murabbiy qaysidir o‘yinni ko‘rgani borsa, bu shunchaki tashrif emas, balki futbolchining harakatini o‘z ko‘zi bilan haqiqiy vaziyatda ko‘rish ekanligini ta’kidlab, “O‘yinni jonli ko‘rishga hech narsa yetmaydi. Uyda o‘tirib bir nechta videoni ko‘rish men uchun zerikarli. Stadionga borib futbolchini bevosita kuzatgim keladi, chunki kichik detallarni video orqali ko‘ra olmaysiz. Aynan o‘sha mayda jihatlar keyinchalik muhim bo‘lib chiqadi", deya fikr bildirgan.
Shuningdek, bosh murabbiy O‘zbekiston milliy terma jamoasining Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazgan o‘quv-yig‘ini to‘g‘risida to‘xtalib: "Oxirgi 4 oy davomida ichki chempionatdagi ko‘plab o‘yinlarni kuzatdik. Futbolchilarni ko‘rdik. Dubayda o‘tgan bu yig‘in bevosita ular bilan ishlash imkoniyatini taqdim etdi. Futbolda hamma narsa tez o‘zgaradi, jarohatlar bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas. Jahon chempionatida qatnashish uchun barcha futbolchilarda imkoniyat borligini tushunishlari kerak”, deya mazkur yig‘inning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Darhaqiqat, bugun milliy chempionatimizda, chet mamlakatlarning jamoalarida faoliyat ko‘rsatayotgan futbolchilarimizning barchasida milliy jamoa tarkibidan joy olish imkoniyati borki, o‘z iste’dodi, betakror harakati bilan millionlab futbol fanatlarini lol etish barobarida mutaxassislar nazariga tushsa bas, yashil chiroqlar yangi-yangi muvaffaqiyatlarga yo‘ldosh bo‘lishi tayin.
Yana bir muhim jihat. Yaqinda O‘FAning navbatdagi hisobot-saylov kongressida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisi Bahodir Qurbonov futboldagi korrupsiya va raqamlashtirish ishlari haqida so‘z yuritib, “korrupsiya omili O‘zbekiston futbolida yo‘q bo‘lsa, ertangi kunda xalqaro maydonda davlatimiz bayrog‘ini, o‘zbek g‘ururini, millatini namoyish qiladigan sportchilarni yetishtirishda muvaffaqiyatga erishamiz”, deya ta’kidladi.
Ayni tashabbus asosida mamlakatimiz futbolida amalga oshiriladigan keng ko‘lamli islohotlar nafaqat ichki chempionat darajasini yuksaltirishga, balki xalqaro maydondagi omadli yurishlarimizga, xususan jahon chempionatidagi ko‘rsatkichlarimiz yanada yaxshilanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan ahamiyatlidir.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA