Bugun, 15 oktyabr poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida “JCH-2026” Osiyo qit’asi guruh bosqichining 4-turida O‘zbekiston – BAA terma jamoalari kuch sinashadi.
Mazkur uchrashuv oldidan terma jamoamiz 7 ochko bilan to‘plar nisbatiga ko‘ra “A” guruhida peshqadam bo‘lib turibdi. Xuddi shuningdek, Eron terma jamoasi ham 7 ochkoga ega. Bugun terma jamoamiz bilan bahs olib boradigan BAA vakillarida 4 ochko mavjud.

Bugun 4-tur doirasida Dubay shahrida Eron — Qatar “dueli” o‘tkazilsa, Bishkek shahrida Qirg‘iz Respublikasi terma jamoasi KXDR vakillari bilan ro‘baro‘ keladi.
Shu o‘rinda bir gap. Eron — Qatar uchrashuvining natijasi O‘zbekiston terma jamoasining keyingi taqdirini belgilay oladimi?

Savolning bu tarzda qo‘yilishi qaysidir futbol muxlislariga g‘alatiroq ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ammo, “Bunyodkor”da kechadigan o‘yinda vaziyat bizning foydamizga hal bo‘lsa, Eron — Qatar uchrashuvidagi natija terma jamoamiz uchun ahamiyatsiz bo‘lishi shubhasiz.
Ammo, O‘zbekiston – BAA o‘yinida minglab muxlislarimiz kutgan quvonchli onlar ro‘y bermasa, Qatarning g‘alabasi jonimizga qaysidir ma’noda oro kirishi tayin.

Boshlanajak 4-tur o‘yinlari ostonasida turnir jadvaliga e’tibor qaratsak, bugun Qatar Erondan ochko tortib ola bilsa, Toshkentda O‘zbekiston terma jamoasi osmonida g‘alaba quyoshi charaqlasa, 2026 yilgi Jahon chempionatining katta dovoni o‘zbek futboliga yanada yorqinroq ko‘rina boshlashi shubhasiz.
Nima bo‘lganda ham bugun “Bunyodkor” maydonida omad O‘zbekiston terma jamoasi tomonida bo‘lsin.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA