Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati Superligasining yangi mavsumi tantanali ruhda boshlandi.
Biroq bayramona kayfiyat Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasi uchun uzoqqa cho‘zilmadi. Ilk turda “Andijon”ga qarshi uchrashuvdagi 0:4 hisobidagi mag‘lubiyat oddiy yo‘qotish emas, balki jamoada to‘planib qolgan tizimli muammolarning ochiq ifodasi bo‘lishi mumkin.

Besh yildirki, “So‘g‘diyona” chempionatni muvaffaqiyatsiz boshlab kelmoqda. Bu safargi mag‘lubiyat nafaqat hisob, balki o‘yin mazmuni jihatidan ham tashvishli ko‘rindi. Ilk tur har doim mavsum uchun ruhiy va taktik poydevor vazifasini o‘taydi. Aynan shu bosqichdagi yirik mag‘lubiyat jamoa ruhiyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy.
O‘yin tahlili shuni ko‘rsatadiki, muammo avvalo himoya chizig‘ida. Pozitsion xatolar, o‘zaro tushunishning yetishmasligi va oddiy vaziyatlardagi beparvolik raqibga qulay imkoniyatlar yaratib berdi. Darvozabon Nikola Mirkovich hal qiluvchi epizodlarda jamoani qutqarib qola olmadi. Biroq barcha aybni darvozabon zimmasiga yuklash adolatdan emas — himoyaviy tizim yaxlit mexanizm sifatida ishlamadi.

Yarim himoyada ham barqarorlik kuzatilmadi. Jamoa sardori Javohir Qahramonov ishtirok etgan vaziyatda to‘pni ortiqcha ushlab turish oqibatida ikkinchi gol o‘tkazib yuborildi. Zamonaviy futbol tezkor qaror va aniq harakat talab qiladi. Bir lahzalik kechikish butun jamoa mehnatini yo‘qqa chiqaradi.
Hujum chizig‘idagi muammolar ham yaqqol ko‘rindi. Bo‘yi 2 metrdan baland bo‘lgan Feysal Mulich maydonda o‘z ustunligini namoyon eta olmadi. Demak, gap faqat ijrochilarda emas, balki taktik yechimlarda. Jamoa hujumni tashkil etish, standart vaziyatlardan foydalanish va qarshi hujumlarda tezkorlik borasida yetarli darajada ishlamagani sezildi.

Antaliya yig‘inidagi nazorat uchrashuvlarida qayd etilgan bir qator mag‘lubiyatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarilmagani ham ko‘rinib turibdi. Bosh murabbiy Ivan Boshkovich va murabbiylar shtabi tayyorgarlik jarayonini qayta ko‘rib chiqishi lozim. Chunki ilk turdagi o‘yin jamoa mavsumga to‘liq shay emasligini ochiq ko‘rsatib berdi..
Albatta, “Andijon” 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. Biroq bu natijani faqat raqibning ustunligi bilan izohlash to‘g‘ri emas. Ko‘proq “So‘g‘diyona”ning o‘zi namoyish etgan past saviyali o‘yin hal qiluvchi omilga aylandi.

Futbolda “Jo‘jani kuzda sanaymiz” deyiladi. To‘g‘ri, chempionat endi boshlandi va biror jamoa o‘yinidan yakuniy xulosa chiqarish noo‘rin. Ammo dastlabki o‘yinlar jamoaning ichki holatini yaqqol ko‘rsatib beradi. Agar himoyaviy intizom kuchaytirilmasa, taktik yondashuv qayta ko‘rib chiqilmasa va jamoaviy uyg‘unlik ta’minlanmasa, bu mag‘lubiyat tasodif emas, davomiy muammoga aylanishi mumkin.
Ilk tur “So‘g‘diyona” uchun jiddiy ogohlantirish bo‘ldi. Endi eng muhim vazifa — to‘g‘ri xulosa chiqarish va navbatdagi o‘yinlarga mutlaqo boshqacha ruh hamda sifat bilan chiqishdir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA