Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Futbol. Hozircha tarkibdagi eng katta o‘zgarish ham, birinchi xorij yig‘ini ham “Navbahor”ga tegishli bo‘lib turibdi
18:05 / 2022-01-13

Milliy chempionat Superliga jamoalarining yangi mavsumga tayyorgarligi borasidagi ma’lumotlarni davom etamiz.

“Nasaf” – yangi yildagi ilk mashg‘ulotlar 3 yanvardan jamoaning o‘z qarorgohida o‘tkazila boshlandi. Jamoa yetakchilari Umidjon Ergashev, Umar Eshmurodov, Dilshod Saitov, Sherzod Nasrullayev, Akmal Mozgovoy, Abubakr-Rizo Turdaliyev, Oybek Bozorov, Husayn Norchayev ayni paytda milliy terma jamoa bilan birga bo‘lgani bois bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyev tajribalilar qatoriga klubning yosh tarbiyalanuvchilarini ham jalb etgan. Tarkibga qo‘shilganlar ham, ketganlar ham ko‘pchilikni tashkil etmaydi. Eski tarkibdan faqat Doniyor Narzullayev bu yil omadini “Neftchi”dan izlashni afzal bilmoqda. Shuningdek, jamoa legioneri Andriya Kaluderovich ham o‘z yurtiga ravona bo‘ldi. Darvozabonlar murabbiyi Denis Ivankov ham sobiq jamoasi “Paxtakor”ga qaytgan. Mashg‘ulotlarda yangilardan faqat Sharof Muhiddinovni ko‘rish mumkin. Sharof o‘tgan mavsumda “Paxtakor”da to‘p surgan. “Nasaf” bugun Superliga jamoalari orasida mavsum taraddudi sifatida birinchilardan bo‘lib o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. O‘z maydonida “Buxoro”ga qarshi o‘yinda 2:2 natijasi qayd etildi.

“Bunyodkor” – futbolchilar birinchi yig‘inni 20-29 dekabr oralig‘ida o‘tkazgan edi. Yangi yildagi ilk mashg‘ulotlar 5 yanvardan boshlandi. Bu galgi yig‘in 2 fevralgacha belgilangan. So‘ng jamoa xorijga – Turkiyaga yo‘l olishni rejalashtirmoqda. O‘tgan yilgi tarkibga nisbatan ancha o‘zgarishlar yuz bergan. Jamoani tark etganlardan Mirjahon Mirahmadov va Avazbek O‘lmasaliyev “Paxtakor” bilan, Abdulla Abdullayev va Xurshid G‘iyosov AGMK, Nurillo To‘xtasinov “Navbahor”, Lutfulla To‘rayev “Neftchi” bilan shartnomalar imzolab bo‘lishdi. O‘z o‘rnida “qaldirg‘ochlar” tarkibiga kelib qo‘shilganlar ham bor. Aytaylik, Dilshod Jo‘rayev va Suxrob Sultonov AGMKdan, Usmonali Ismonaliyev “Andijon”dan keldi. Bular yangi klubi bilan shartnomalar imzolab bo‘lishdi. Jamoa mashg‘ulotlarida shuningdek, Qirg‘izistonning “Alay” (O‘sh) jamoasidan tashrif buyurgan Temur Talipov ham ishtirok etyapti. “Bunyodkor” 15 yanvar kuni “Qo‘qon-1912” jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi uyushtirishni ko‘zlayapti.

“Navbahor” – bu mavsumda katta maqsadlarni ko‘zlayotgan namanganliklar ortda qolgan yilda birinchilardan bo‘lib yig‘in boshlagandi. Yangi yildagi ilk xorij safarini ham aynan “Navbahor” boshlab berdi. Jamoa 6 yanvardan mashg‘ulotlarini Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazmoqda. Eng katta transferlar ham “Navbahor” bilan bo‘lishi ehtimoli katta. Shu kungacha klub o‘nga yaqin yangi futbolchilarni taklif etdi. Jumladan, Elguja Grigalashvili, Islom Kenjaboyev (ikkalasi ham “Qizilqum”dan), Stanislav Andreyev (“Metallurg”), Nurillo To‘xtasinov (“Bunyodkor”) kabi futbolchilar bilan shartnoma tuzib bo‘ldi. Jamoa mashg‘ulotlarida shuningdek, Jamshid Boltaboyev (“So‘g‘diyona”), Andrey Sidorov (“Qo‘qon-1912”), Xurshidbek Muxtorov (“Lokomotiv”) hatto Janubiy Koreyaning “Sonnam” klubida to‘p surgan Jamshid Iskanderov ishtirok etyapti. Klub bilan shartnomalari yakunlab, boshqa jamoalar ko‘rigida qatnashayotgan futbolchilar ham kam emas: Islombek Isoqjonov, Zabixilla O‘rinboyev (ikkalasi ham “Metallurg”), Mirzohid G‘ofurov (“Neftchi”), Quvondiq Ro‘ziyev (“Qo‘qon-1912”)...

Izoh: Nomlari qayd etilgan futbolchilar mashg‘ulotlarda qatnashishmoqda, ba’zilari shartnomalar tuzishga ham ulgurishgan. Biroq qachonki O‘zPFL ro‘yxatidan o‘tsa va litsenziyani qo‘lga kiritgan tadirdagini qonuniy hisoblanadi.