Mamlakatimizda futbolni yoshlar o‘rtasida rivojlantirish va ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun futbol akademiyalari, to‘garaklar va musobaqalar tashkil etilib, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha yetarlicha shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Shuningdek, vazirlik va idoralar o‘rtasida ham futbol bo‘yicha birinchiliklar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib ulgurdi. Milliy gvardiya bo‘linmalarida millionlar o‘yini futbol bo‘yicha har yili turli musobaqalar o‘tkazilib, vazirlik va idoralar o‘rtasida o‘tadigan birinchiliklarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelinmoqda.
Joriy yilda ham harbiy xizmatchilar o‘rtasida Milliy gvardiya birinchiligi ikki bosqichda o‘tkazilmoqda. Dastlabki bosqichda jamoalar mintaqaviy ko‘rinishda o‘zaro bellashib, respublika bosqichi uchun maydonda to‘p surmoqda. Nukus shahrida ana shunday saralash bosqichlaridan biri Milliy gvardiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmalari harbiy xizmatchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Unda respublika bosqichiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi terma jamoasi yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, Milliy gvardiya birinchiligi final bosqichi bu yil Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tadi. Mazkur birinchilikdan ko‘zlangan asosiy maqsad Milliy gvardiya terma jamoasini shakllantirishdan iborat. Hozir joylarda saralash bosqichlari davom etmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/kGFLy9gdw3c" title="Futbol: harbiylar chempionlik uchun bellashmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, O‘zA