Fransiya professioional futbol ligasidagi bir guruh mutaxassislar futbol o‘yini jarayonida hakamlarga mikrofonlardan foydalanishga ruxsat berish tashabbusi bilan chiqdi.
Mamlakatdagi 60 foiz futbol hakamlari bu yangilikni qo‘llab-quvvatlamoqda, deyiladi Fransiyadagi internet nashri L'Equipe xabarida.
Mutaxassislarning bildirishicha, futbol uchrashuvlarida bu tizimning joriy etilishi “hakamlarning hatti-harakatini va o‘yin jarayonini shaffoflashtirishga xizmat qiladi”.
Fransiya futbol ligasida klub rahbarlari, hakamlar va mutaxassislar ishtirokida mazkur masala atroflicha muhokama qilindi.
Joriy yilning 21 noyabrida hakamlarning o‘yin mobaynida mikrofondan foydalanish tizimi bo‘yicha yana bir bor yig‘ilish tashkil etiladi va yangi tartib taqdimoti o‘tkaziladi. Shundan so‘ng hakamlarning mikrofondan foydalanish tartibi futbol qoidalarini boshqarish bilan shug‘ullanadigan Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi(IFAB)ga ijro uchun taqdim etiladi.
Mazkur tartib xalqaro tashkilot tomonidan ma’qullansa, mikrofonli hakamlar ishtirokidagi ilk futbol o‘yinlari Fransiyadagi ichki musobaqalarda sinov tariqasida o‘tkaziladi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA