Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FUTBOL: Gollarga “boy” boʻlgan tur
10:46 / 2018-09-06

4 va 5 sentabr kunlari mamlakat birinchiligi - Pro-liganing 24-tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi va ularda darvozalarga gollar shodalari kiritildi.


4 va 5 sentabr kunlari mamlakat birinchiligi - Pro-liganing 24-tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi va ularda darvozalarga gollar shodalari kiritildi.

“A” guruhida oʻtkazilgan oʻyinlarning yarmida turnir jadvalining yuqori qismida borayotgan jamoalar xoh uyda oʻynashsin, xoh safarda boʻlsin ochko yoʻqotishdi. Peshqadam “Andijon” “Orol” maydonida durang oʻynadi. Aslida Super ligani koʻzlayotgan andijonliklardan muxlislari faqat gʻalaba kutishayotgandi, harqalay nukusliklar bu mavsumni koʻngildagidek oʻtkazishmayotgan autsayder sifatida shunday xulosa chiqarishga toʻgʻri kelayotgandi. Biroq penaltidan gol urib, hisobda oldinga chiqib olgan mezbonlar ikkinchi boʻlimda oʻz darvozalaridan aynan penaltidan gol oʻtkazib yuborishdi va durangga rozi boʻlishdi. Turgan gapki, durang mezbonlarga maʼqul keldi, mehmonlarga emas.

Superligaga daʼvogar ikkinchi jamoa – “Surxon” ham oʻz maydonida durang oʻynab qoʻydi. Yagona maqsad yoʻlida astoydil harakat qilayotgan termizliklar tarkibni kuchaytirishdi, futbolga boʻlgan munosabatni ham tubdan koʻtarishdi. Biroq “Dinamo”ning toʻsigʻidan oʻta olishmadi. Vaholanki, samarqandliklar birinchi bosqichni koʻngildagidek oʻtkazishmagan, ochkolar boʻyicha yetakchilardan ancha ortda qolgan edi. Shunday boʻlsada, ikkinchi bosqichda “otga qamchini rosa” bosishyapti, bu ketishdi, kim biladi, “Dinamo” barchani quvib oʻtib, “uloqni ilib ketadimi”. Lekin bu oson emas. Negaki, maqsadga yetish uchun birgina oʻzining yutuqlari kifoya emas, taʼqibchi raqiblar ham ancha ochko yoʻqotishlari talab etiladi. “Andijon” va “Surxon” esa osongina taslim boʻladiganlardan emas...

Yuqori oʻrinlarda borayotgan birgina “Mashʼal” safarda toʻp surishiga qaramay gʻalaba qozona oldi. Muborakliklar Urganchda mahalliy “Xorazm” jamoasini magʻlub etishning uddasidan chiqishdi va turnir jadvalining uchinchi pogʻonasiga koʻtarilib olishdi. Kuchli uchlikka chiqib olgan “Istiqlol” esa bu turda dam olgani uchun yana biroz pastlashga majbur boʻldi.

Shu tariqa “Andijon” 24-turdan keyin 42 ochko bilan hamon peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi oʻrinda borayotgan “Surxon”da 37, uchinchi pogʻonadagi “Mashʼal”da esa 36 ochko bor. “Norin” va “Orol” jamoalari 15 va 13 ochko bilan turnir jadvalining quyi pogʻanalarini egallab turishibdi.

Pro-liganing “V” guruhida ham bor antiqa natijali oʻyinlar. Misol uchun “Iftixor” va “Lokomotiv-BFK” bahsini olaylik. Oltiariqliklar oʻz maydonida ancha-munchasiga “boʻyin egadiganlardan” emas, hatto guruh yetakchisini ham magʻlub etishning uddasidan chiqishgan. Biroq turnir autsayderiga qarshi oʻyinda maydon egalari 1:3 hisobida magʻlubiyatga uchradi. Qolgan uch oʻyinda mezbonlarning yaqqol ustunligi qayd etilgan natijalarda oʻz aksini topdi: “Sherdor” – “Xotira-79” – 8:2, “Nurafshon” - “Yozyovon” - 6:0, “Zomin” - “Gʻijduvon” - 4:0.

Shu tariqa 24-turdan keyin turnir jadvalini “Nurafshon” jamoasi 41 ochko bilan boshqarib bormoqda. “Sherdor” 39 ochko bilan ikkinchi oʻringa koʻtarilib olgan boʻlsa, oʻz oʻrnini boʻshatgan “Gʻijduvon”da 37 ochko bor. Jadvalning pastidagi “faxrli oʻrinlar” esa “Xotira-79” (22 ochko) va “Lokomotiv-BFK” (13 ochko) tegishli boʻlib turibdi.

Navbatdani tur oʻyinlari 12 va 13-sentabr kunlariga belgilangan.