Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Futbol: Chorak final o‘yinlarida bir qator rekordlar yangilandi
12:01 / 2024-04-11

Futbol bo‘yicha Yevropa chempionlar ligasining chorak final bosqichidan o‘rin olgan ilk uchrashuvlar o‘tkazildi.

Unda «Atletiko» o‘z maydonida «Borussiya Dortmund»dan 2:1 hisobida ustun keldi. Mazkur uchrashuvda De Paul va Linoning gollariga Aller bir marotaba javob qaytardi.

Bir qator natijalarni yangilagan «PSJ» – «Barselona» bahsi 2:3 hisobida yakunlandi. Dastlab, uchrashuvning birinchi bo‘limi 37 daqiqasida Rafinya hisobni ochgan bo‘lsa, 48-daqiqada Dembele muvozanatni tikladi. Oradan ikki daqiqa o‘tib, Vitor Ferreyra Parij klubini oldinga olib chiqdi. Biroq ikkinchi bo‘limda bor e’tiborini hujumga qaratgan «Barselona» futbolchilari o‘yin tizginini qo‘lga oldi va 62-daqiqada Rafinya hisobni tenglashtirdi. Shuningdek, 77-daqiqada Kristensen tomonidan kiritilgan gol o‘yinga nuqta qo‘ydi.

Endi mazkur o‘yinda yangilangan natijalar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak. «Barselona» 2019-yildan keyin ilk bora chorak finalda g‘alaba qozondi. O‘shanda kataloniyaliklar «Manchester Yunayted»ni ikkala o‘yinda ham yenggan edi. Nihoyat, bu yil ketma-ket 4 mavsumdan keyin Xavi shogirdlari qora an’anaga chek qo‘ydi.

Shuningdek, «Barselona»ning metin himoyachisi Pau Kubarsi Chempionlar ligasi chorak finalida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan eng yosh futbolchi sifatida tarixdan joy oldi. U 17 yosh, 79 kunligida mazkur natijani qayd etdi. Bundan oldingi rekord ham «Barselona»ga tegishli bo‘lgan. Aniqrog‘i, Boyan Krkich 2008-yilda 17 yosh, 217 kunligida YeCHL musobaqasida o‘yinga tushgan.

Chempionlar ligasining chorak finalining dastlabki o‘yinlarida «Real» – «Manchester Siti» 3:3 hisobida, «Arsenal» – «Bavariya» 2:2 hisobidagi natijalar qayd etilgan edi.

Yuqoridagi to‘rt o‘yindagi jami gollar 18 tani tashkil etdi va Chempionlar ligasining chorak final doirasidagi birinchi o‘yinlarning eng sermahsulidan biri bo‘ldi. YeCHL doirasida chorak finalning ilk o‘yinlarida 18 ta gol faqat 2010/11 yilgi mavsumda kiritilgan.

Ma’lumot uchun, Chempionlar ligasi chorak finalidagi dastlabki o‘yinlar o‘z nihoyasiga yetdi. Javob bellashuvlari 17 va 18-aprel kunlari bo‘lib o‘tadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA