Amerika Qo‘shma Shtatlarida futbol bo‘yicha klublar o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionatining 1/8 final bosqichida “Palmeyras” — “Botafogo”, “Benfika” — “Chelsi” jamoalari o‘zaro raqobatlashdi.
Chempionat pley-off bosqichining ilk bahsida Braziliyaning ikki klubi "Palmeyras" va "Botafogo" klublari o‘zaro to‘qnash keldi. Uchrashuvning asosiy vaqtida hisob ochilmadi va jamoalar qo‘shimcha bo‘limga yo‘l oldi. Unda Paulo Enrike Sampayo Filo 110-daqiqada hisobni ochdi va “Palmeyrs”ni oldinga olib chiqdi. Bahs yakuniga qadar mazkur hisob saqlanib qoldi.

Shuningdek, 1/8 final bosqichidan o‘rin olgan “Benfika” va “Chelsi” jamoalari o‘rtasidagi bahs 1:4 hisobida o‘z yakuniga yetdi. Shu tariqa, “Chelsi” chorak finalda “Palmeyras” jamoasiga qarshi maydonga tushadigan bo‘ldi.
Bugun, 29 iyun kuni soat 21:00da “PSJ” — “Inter Mayami” bahsi bo‘lib o‘tsa, 30 iyun kuni soat 01:00da “Flamengo” — “Bavariya” o‘zaro raqobatlashadi. Mazkur bahs g‘oliblari chempionatning 1/4 finalida o‘zaro kuch sinashadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA