Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionati guruh bosqichi o‘yinlarini Mexiko, Xyuston va Atlanta shaharlarida o‘tkazadi. FIFA o‘yinlar jadvalini e’lon qildi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionati guruh bosqichining uchta o‘yinini ikki mamlakat — Meksika va AQShda hamda uchta shaharda o‘tkazadi. Bu Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) tomonidan e’lon qilingan musobaqa taqvimidan ma’lum bo‘ldi.
Milliy terma jamoa “K” guruhidagi dastlabki uchrashuvni 18-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 8:00 da Mexikoda Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi.
Ikkinchi o‘yin 23-iyun kuni soat 23:00 da Xyustonda bo‘lib o‘tadi va unda Portugaliya terma jamoasi raqiblik qiladi.
Fabio Kannavaro shogirdlari guruh bosqichini 28-iyun kuni soat 5:30 da Atlantada Yangi Kaledoniya, Yamayka va Kongo Demokratik Respublikasi o‘rtasidagi qit’alararo pley-offda aniqlanadigan jamoaga qarshi o‘yin bilan yakunlaydi.

Suratda sharqiy-amerikan vaqt mintaqasi ko‘rsatilgan. Toshkent bilan farq — 10 soat.
Hozirga qadar chempionatda 42 ta terma jamoa ishtirok etishi kafolatlangan. Yana oltita jamoa 2026-yil mart oyi oxirida bo‘lib o‘tadigan pley-off o‘yinlarida aniqlanadi. Ular avtomatik ravishda to‘rtinchi savatga tushadi.
[x-https://twitter.com/HikmetHajiyev/status/1988936559148642376]
[telegram-https://t.me/uza_uz/126377]
2026-yilgi Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha bo‘lib o‘tadi va 39 kun davom etadi. Pley-off formati ham o‘zgardi: 1/16 finalga nafaqat har bir guruhdan eng yaxshi ikki jamoa, balki uchinchi o‘rinni egallagan sakkizta terma jamoa ham chiqadi. Shu tariqa, pley-off bosqichiga 32 ta jamoa yo‘l oladi.