Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Futbol bo‘yicha DXX raisi kubogining sirdaryolik g‘oliblari taqdirlandi
14:21 / 2022-07-20

Sirdaryoda 16-30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida mini-futbol va futbol bo‘yicha “Davlat xavfsizligi xizmati raisi kubogi” musobaqalari yakunlandi.

Joriy yilning aprel oyida start berilgan mazkur musobaqalarda 3 mingdan ziyod yoshlarni qamrab olgan viloyatdagi mavjud 236 ta mahalla jamoalari, sektorlar, tuman, shahar, viloyat bosqichida o‘zaro bellashdi. Bu orqali mahallalardagi minglar yoshlar o‘rtasida sport, sog‘lom turmush tarzi ommalashdi. Ta’lim muassasalari, mahallalardagi o‘yingohlar futbolsevar yoshlar bilan gavjum bo‘ldi.

Viloyat bosqichi – final o‘yinlari “Yangiyer markaziy o‘yingohi”da o‘tkazildi. O‘yin oldidan stadionda yosh xonandalar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

Musobaqalar yakuniga ko‘ra, mini futbol bahslarida 1-o‘rinni Sirdaryo tumanining «Yangiobod» mahallasi, 2-o‘rinni Shirin shahrining «Mirzo Ulug‘bek» mahallasi, 3-o‘rinni Sayxunobod tumanining «Paymard» mahallasi egallagan bo‘lsa, futbol bahslarida 1-o‘rin Mirzaobod tumanining «Bog‘iston» mahallasiga, 2-o‘rin Guliston tumanining «Ibrat» mahallasiga va 3-o‘rin Oqoltin tumanining «Yangi hayot» mahallasiga nasib etdi.

– Tadbir tashkilotchilaridan minnatdormiz, – deydi «Bog‘iston» mahallasi jamoasi sardori Ahror Xo‘jabekov. – Mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun biz, yoshlarga barcha sharoitlar yaratib berildi. Bugun finalda xuddi professional futbolchilardek to‘p surdik. Buning zavqi, hayajoni boshqacha bo‘lar ekan. Nasib bo‘lsa, respublika bosqichida ham chempion bo‘lish uchun maydonga tushamiz.

Bu kabi musobaqalar an’anaviy tus olib, mahalla yoshlari o‘rtasida sportni ommalashtirish, iste’dodli sportchilarni kashf etishga xizmat qilmoqda. Endi birinchilikni qo‘lga kiritgan jamoa a’zolari istiqomat qiladigan mahallaga “Workout” maydonchasi barpo etiladi.

Musobaqa g‘oliblari va turli nominatsiyalar bo‘yicha faollar kubok, medal, tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Taqdirlashda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev ishtirok etdi.

 

Shuhrat Suyarov, O‘zA