Xabaringiz bor, kelayotgan yilning 21 noyabr–18 dekabr kunlari Qatarda futbol bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati o‘tkaziladi.
Bugun 7 oktyabr kuni Dohadagi bir qator ommaviy axborot vositalari mamlakat futbol federatsiyasi ma’lumotlariga tayangan holda mazkur jahon chempionatini o‘tkazish uchun Qatar tomonidan hozirgi kungacha 200 milliard AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ sarflanganligi to‘g‘risidagi axborotni tarqatdi.
Report saytining xabarida keltirilishicha, xarajatlar asosan yangi futbol stadioni, metro, aeroport, dengiz bo‘yidagi bandargoh va yangi shahar qurilishi uchun sarflangan.
Qatar futbol federatsiyasi vakillarining ta’kidlashicha, dunyoning 32 ta eng kuchli terma jamoasi o‘rtasida 2022 yili o‘tkaziladigan jahon chempionati Qatar tarixida yangi sahifa ochadi. Shuningdek, ushbu chempionat jahon futbol hayotida tub burilish yasaydi. Butun olam ahli futbol tarixida Arab olamining, xususan, Qatar futbol mo‘’jizasining takrorlanmas mujdasidan hayratga tushishi, shubhasiz, deyiladi Qatar axborot vositalari xabarida.
T. Ro‘ziyev, O‘zA