Futbol bo‘yicha Osiyo chempionlar ligasi-2 musobaqasining g‘arbiy mintaqasi “B” guruhida 6-tur uchrashuvlari bugun, 24 dekabr kuni start oladi. Ushbu tur doirasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan “Andijon” jamoasi Qatarda mahalliy “Al-Ahli” klubiga qarshi maydonga tushadi. Guruhdagi yana bir bellashuvda esa “Arqadag‘” o‘z uyida “Al-Xoldiya” jamoasini qabul qiladi.
Biz uchun ahamiyatli bo‘lgan “Al-Ahli” — “Andijon” o‘rtasidagi uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da start oladi. Bahsda mezbonlar yashil, jamoamiz esa an’anaviy qizil libosda maydonga tushadi.

Uchrashuv Doha shahridagi “Al-Tumama” stadionida bo‘lib o‘tadi. Ma’lumot o‘rnida, ushbu zamonaviy sport inshooti 2022 yil Qatarda o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlariga mezbonlik qilgan. Stadion 2021 yil 21 oktyabrda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, 44 400 nafar muxlisni sig‘dira oladi.

Mazkur to‘qnashuvni iroqlik hakamlar brigadasi boshqaradi. Xususan, bosh hakam vazifasini Zayd Tamer Muhammad bajaradi. Unga qanot hakamlari sifatida Xaydar Abdulxassan Ali Ulbaydi hamda Amir Dovud Xusseyn Alvindavi yordam beradi. Zaxira hakami etib esa Axmed Kadim Gatea Ristam tayinlangan.

Ma’lumot o‘rnida: “B” guruhida “Al-Ahli” 7 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. “Al-Xoldiya” 6 ochko bilan ikkinchi, “Andijon” 5 ochko bilan uchinchi, “Arqadag‘” esa 4 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA