Futbol akademiyasi jamoasi kubok sohibi
Nukusda futbol bo‘yicha Qoraqalpog‘iston kubogi uchun final o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Hal qiluvchi bahsda Qoraqalpog‘iston Respublikasi futbol akademiyasi hamda Qoraqalpoq davlat universiteti jamoalari bosh sovrin uchun maydonga chiqishdi. O‘yinning asosiy vaqti 1:1 hisobi bilan yakunlandi. Qo‘shimcha vaqtlarda Sh.Paxratdinov hamda M.Jamidovlar tomonidan kiritilgan gollar futbol akademiyasi jamoasiga g‘alaba keltirdi. Shunday qilib, yosh futbolchilar 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, Qoraqalpog‘iston kubogi sohibi bo‘lishdi.

G‘oliblarga kubok hamda medallar tantanali ravishda topshirildi.
Qoraqalpog‘iston kubogi sohibi – futbol akademiyasi jamoasi endi 29 oktyabr kuni futbol bo‘yicha Andijon viloyatida bo‘ladigan mamlakat final bosqichida ishtirok etadi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri