Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Futbol: Abduqodir Husanov jamoasi besh yil kutilgan g‘alabaga erishdi
10:57 / 2026-02-09

Futbol bo‘yicha Angliya Premer-ligasining 25-turi doirasidagi so‘nggi uchrashuvda amaldagi mamlakat chempioni «Liverpul» hamda «Manchester Siti» jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi.

«Enfild» stadionida bo‘lib o‘tgan mazkur bahsda O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov uchrashuvni boshlang‘ich tarkibda boshlab, 61 daqiqa maydonda harakat qildi. Bellashuv davomida raqib hujumchisining zarbasiga xalaqit berish chog‘ida futbolchimiz yuziga "MS" darvozaboni Janluiji Donnarummaning tizzasi tegdi. Shifokorlar yordamidan so‘ng o‘ziga kelgan legionerimiz o‘yinni davom ettirishga tayyor ekanini bildirganiga qaramasdan, bosh murabbiy Xosep Gvardiola uni ehtiyot qilish maqsadida zaxiraga oldi.

Ushbu holatdan keyin, 74-daqiqada Dominik Soboslaining aniq zarbasi evaziga mezbonlar hisobni ochdi. Oradan 10 daqiqa o‘tib Bernardu Silva muvozanatni tikladi. Uchrashuv yakunlanishi arafasida esa Erling Xoland penaltidan foydalanib, g‘alaba golini kiritdi.

Qayd etish joizki, bahs davomida Abduqodir Husanov 30 marta to‘pga tegdi, 24 ta uzatmani amalga oshirdi va ularning 22 tasi aniq manzilga yetib bordi. 61 daqiqa harakat qilgan futbolchimiz o‘yini “Sofascore” portali tomonidan 6,6 ball bilan baholandi.

Shu tariqa, «Manchester Siti» so‘nggi besh yil ichida ilk bor «Liverpul» jamoasini o‘z maydonida mag‘lub etdi. Aniqroq aytganda, Xosep Gvardiola shogirdlarining «Enfild»dagi so‘nggi g‘alabasi 2021 yil 7 fevral kuniga to‘g‘ri keladi. O‘shanda APLning 23-tur bahsida «shaharliklar» 4:1 hisobida zafar quchgan edi.

25-tur yakunlariga ko‘ra, liga jadvalida «Arsenal» 56 ochko bilan peshqadamligini saqlab qolgan bo‘lsa, «Manchester Siti» 50 ochko bilan ikkinchi pog‘onada bormoqda. «Aston Villa» 47 ochko evaziga kuchli uchlikdan joy olgan. Shuningdek, «Manchester Yunayted» (44 ochko) va «Chelsi» (43 ochko) 4-5-pog‘onalarni egallab turibdi.

«Liverpul» va «Brentford» jamoalari 39 ochkodan to‘plab, 6-7-o‘rinda qayd etilgan. «Everton» (37 ochko) hamda «Sanderlend» (36 ochko) 8-9-pog‘onalardan joy olgan. 34 ochkodan jamg‘argan «Fulxem» va «Bornmut» jamoalari gollar nisbatiga ko‘ra, mos ravishda 10 va 11-o‘rinlarni band etayotir. Shuningdek, «Nyukasl» (33), «Kristal Pelas» (32) va «Brayton» (31) keyingi o‘rinlarda bormoqda.

Jadvalning quyi qismida esa «Tottenxem» va «Lids Yunayted» (29 ochkodan), «Nottingem Forest» (26), «Vest Xem» (23), «Bernli» (15) hamda «Vulverxempton» (8) jamoalari 15-20-pog‘onalarni egallab turibdi.

Angliya Premer-ligasining 26-tur bahslari 11-13 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda quyidagi uchrashuvlar rejalashtirilgan:

11 fevral:

«Chelsi» – «Lids»,

«Everton» – «Bornmut»,

«Tottenxem» – «Nyukasl»,

«Vest Xem» – «Manchester Yunayted».

12 fevral:

«Aston Villa» – «Brayton»,

«Kristal Pelas» – «Bernli»,

«Manchester Siti» – «Fulxem»,

«Nottingem Forest» – «Vulverxempton»,

«Sanderlend» – «Liverpul».

13 fevral:

«Brentford» – «Arsenal».

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA