Yana 16 kundan so‘ng Dohada 23 yoshgacha bo‘lgan futbol jamoalari o‘rtasida navbatdagi Osiyo kubogi musobaqalari boshlanadi.
“Parij-2024” Olimpiya o‘yinlariga saralash vazifasini o‘taydigan mazkur qit’a chempionatida Osiyoning 16 ta mamlakati terma jamoalari g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi hamda Xalqaro futbol federatsiyalari assotsiatsiyasining tegishli komissiyalari tomonidan ishlab chiqilgan futbol bo‘yicha “Parij-2024” musobaqalari taqvimiga ko‘ra, Osiyo qit’asi uchun to‘rt yillikning eng nufuzli kompleks musobaqasiga 3+1 o‘rin ajratilgan. Ya’ni, Qatar yashil maydonlaridagi bahslarda uchta sovrinli o‘rinni egallagan milliy terma jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqiga ega chiqsa, 4-o‘rindan joy olgan terma jamoa Afrika kubogida 4-o‘rinni egallagan jamoa bilan Olimpiada yo‘llanmasi uchun bahs yuritadi.
Kuni kecha “Parij-2024” tashkiliy qo‘mitasi futbol bo‘yicha Osiyo va Afrika kubogida 4-o‘rinlarni egallagan U23 terma jamoalari Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasiga qay tarzda ega bo‘lishi tizimini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, Qatarda boshlanajak Osiyo kubogida to‘rtinchi o‘rinni egallashi kutilayotgan jamoa Afrika kubogining 4-o‘rin sohibi – Gvineya bilan “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun qit’alararo pley-off o‘yinida kurash olib boradi. 1 ta uchrashuvdan iborat mazkur o‘yin 9-may kuni Parij shahrida tashkil etiladi.
Endi bevosita 15-aprel – 3-may kunlari Qatar yashil maydonlarida o‘tadigan U23 Osiyo kubogi bahslariga to‘xtaladigan bo‘lsak, 16 ta milliy terma jamoa 4 ta guruhga bo‘lingan holda Osiyo kubogi musobaqasida ishtirok etadi.
“A” guruhida Qatar, Avstraliya, Iordaniya va Indoneziya terma jamoalari chorak finalga chiqish uchun kurash olib borishsa, “B” guruhida Yaponiya, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari va Xitoy, “S” guruhida Saudiya Arabistoni, Iroq, Tailand va Tojikiston raqobatlashadi.
“D” guruhida Timur Kapadze bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasi bilan Vetnam, Quvayt va Malayziya “Parij-2024” yo‘llanmalariga da’vogarlik qilishga hozirlik ko‘rmoqda.
Fransiya yashil maydonlarida o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishni maqsad qilgan mamlakatimiz olimpiyachilari Osiyo kubogidagi ilk o‘yinni 17-aprel kuni Malayziya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Ikkinchi o‘yinda esa hamyurtlarimiz 20-aprel kuni Quvayt terma jamoasi bilan ro‘baro‘ keladi. Guruh bosqichining so‘nggi uchrashuvida O‘zbekiston U23 terma jamoasi 23-aprel kuni Vetnam jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
U23 Osiyo kubogi guruh o‘yinlari yakunlangandan so‘ng qaysi jamoalar bir-biriga to‘qnash kelishi mumkinligi masalasi ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.
Jamoalarning to‘rtta guruhda ekanligiga nazar tashlansa, “D” guruhidan joy olgan terma jamoamiz o‘z guruhida birinchi yoki ikkinchi o‘rinni egallasa, chorak finalda “S” guruhi vakillari bilan duch keladi. Bu, ushbu guruhda joy olgan Saudiya Arabistoni, Iroq, Tailand yoki qo‘shni Tojikiston terma jamoalaridan biri bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
Aytish lozim, Osiyo kubogi guruh bosqichidagi o‘yinlar 15-23-aprel kunlari o‘tkazilsa, 1/4 final o‘yinlari 25-26-aprel, yarim final bahslari 29-aprel, 3-o‘rin uchun bahs 2-mayda hamda final uchrashuvi 3-may kuni tashkil etiladi.
Dohada o‘tkazilishi kutilayotgan Osiyo kubogi o‘yinlari jarayonida guruh bochqichlaridan final o‘yiniga qadar umumiy holatda 32 ta futbol uchrashuvi o‘tkaziladi.
O‘zbekiston terma jamoasi finalga qadar yetib borish imkoniyatiga ega bo‘la olsa, qit’a chempionati mobaynida 6 marta raqib jamoalari bilan kuch sinashish imkoniyatiga ega chiqish bilan birga, futbol muxlislariga bir olam quvonch tuhfa etish baxtiga muyassar bo‘ladi.
Bu quvonch va bunday sharaf o‘z-o‘zida o‘zbek futbolini Olimpiada o‘yinlarining yashil maydonlariga boshlab kirsa ne tong?! Demak, mamlakatimiz sportining yorqin va yangi sahifasi bitilishiga juda yaqinmiz. Faqat, omad bizdan yuz o‘girmasa bo‘lgani.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA