Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fusunkor Registon jahon musiqa san’ati shaydolarini chorlamoqda
16:48 / 2019-08-19

Bu yil o‘n ikkinchi bor tashkil etiladigan dunyo e’tirofidagi ushbu festival ham ana shunday an’analarga sodiq tarzda o‘tkaziladi.


Samarqandda har ikki yilda bir bor o‘tkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali xalqlar mumtoz kuy-qo‘shiqlaridan bahramand bo‘lish, tinchlik va do‘stlik aloqalarini mustahkamlash barobarida, dunyo musiqa san’atida kechayotgan o‘zgarish va yangilanishlar haqida ilmiy mushohada yuritish, o‘zaro tajriba almashish uchun ham qulay imkoniyatdir. Uning doirasida musiqa kechalari, ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etilishi fikrimiz tasdig‘i.

Bu yil o‘n ikkinchi bor tashkil etiladigan dunyo e’tirofidagi ushbu festival ham ana shunday an’analarga sodiq tarzda o‘tkaziladi.

O‘zA muxbiri san’atshunoslik fanlari nomzodi, dotsent Elnora MAMAJONOVAning ushbu anjuman haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan mamlakatimizda ko‘plab yirik xalqaro tadbirlar, festivallar, turli tanlovlar o‘tkazish an’ana tusini olmoqda. Bu yuksak tarixiy madaniyatimiz, boy madaniy merosimizni asrab-avaylash, xalqaro maydonda O‘zbekiston imijini targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.

Bugun O‘zbekistonni, o‘zbekistonlik iste’dod egalarini butun dunyo tanimoqda, tan olmoqda. Bunda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining munosib o‘rni bor. Mazkur festival sabab Samarqand dunyoda musiqa madaniyati markazlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Mamlakatimiz turizm salohiyati yuksalib borayotir. Xalqaro anjuman kunlari yurtimizga sayyohlar, musiqa ixlosmandlari, o‘zbek xalqi madaniyati, san’ati, musiqasidan yanada ko‘proq boxabar bo‘lish ishtiyoqidagi yuzlab xorijliklar tashrif buyuradi.

Yirik san’at bayramining Samarqandda o‘tkazilishida ham ramziy ma’no bor. Zero, XIV-XV asrlardayoq ushbu ko‘hna kentda yer yuzining turli shaharlaridan kelgan ijod ahli, san’at va adabiyot namoyandalari jam bo‘lgan. Ular o‘z mahoratlarini namoyish etish asnosida bir-birlari bilan tajriba almashishgan. Mustaqillik yillarida ushbu an’ana ana shunday festivallar misolida qayta tiklandi. Bugun fusunkor “Registon” maydoni jahon an’anaviy musiqa shaydolarini bag‘riga chorlamoqda.

Festival doirasida “Sharq xalqlari an’anaviy musiqasi san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekistondan 9 nafar mutaxassis, shuningdek, AQSh, Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Norvegiya kabi jahonning 19 davlatidan kelgan musiqashunos olimlar qatnashishi rejalashtirilgan. Anjumanda festivalni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad – Sharq musiqa san’ati bilan bevosita bog‘liq jihatlar, uni asrab-avaylash va targ‘ib qilishdagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashishdan iborat.

Musiqa bayrami kunlari dunyo cholg‘u asboblari ko‘rgazmasi tashkil etiladi, sohada yaratilgan yangi uslubiy, ilmiy adabiyotlar namunalari taqdim etiladi. Davra suhbatlari, munozaralar bo‘lib o‘tadi.

Ushbu anjumanlar yakuni bo‘yicha ikki yillik faoliyat maqsadlari aks etgan deklaratsiyaning qabul qilinishi musiqa san’ati rivoji yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir.

San’at sarhad bilmaydi, sozdan taralayotgan kuy tilmochga zarurat sezmay, inson qalbining eng nozik torlarini-da chertishga qodir, ruhni tetik, aqlni teran qiladi. Dunyo xalqlarini birlashtirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali bu fikrni isbotlaydi.

G‘ayrat XONNAZAROV

yozib oldi.