Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Furqat tumanida xalqaro savdo xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar kompleksi barpo etilmoqda
19:08 / 2025-09-07

Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi Ardahshon qishlog‘idagi “Do‘stlik city mall” xalqaro savdo xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar kompleksi hamda istirohat bog‘i infratuzilma ob’ektlari qurilishi boshlandi.

Qurilish ishlariga start berish marosimida so‘zga chiqqan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mustaqillik yillarida yurtimizda amalga oshirilgan o‘zgarishlar, ayniqsa, so‘nggi sakkiz yilda barcha sohalar va tarmoqlarda amalga oshirilgan tub islohotlar, shu jarayonlarda qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilgani hamda ularning ijobiy samaralariga e’tibor qaratdi.

– Yangi majmua ham o‘zaro do‘stlik, savdo-sotiq va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Birinchidan, tuman iqtisodiyotini rivojlantirish uchun muhim drayver soha sanalsa, ikkinchidan, uning siyosiy ahamiyati ham katta. O‘ylaymanki, qisqa fursatlarda bosqichma-bosqich ishga tushirilib, foydalanishga topshiriladi va eng chekka hududlarimizdan biri Furqat tumani taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi, – dedi viloyat rahbari.

Tadbir davomida Furqat tumanida amalga oshirilayotgan qurilishlar, sanoat zonalarini barpo etilayotgani, infratuzilma, kanalizatsiya va suv bilan bog‘liq masalalarning yechim topayotgani qayd etildi. Pirovard natijada tuman taraqqiy etib, inson ko‘rsa havas qiladigan so‘lim go‘shalardan biriga aylanishiga umid bildirildi.

O‘zbekiston xalq ustasi Muhammadali Yunusov ham so‘z olib, tumanda bu kabi yirik komplekslarning qurilishidan furqatliklar behad mamnun bo‘layotganligini ta’kidladi.

Ramziy lenta qirqilib, loyiha taqdimoti bilan tanishildi. Shu joyda tadbirkor Azamatjon Soliyev kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ma’lumot uchun, hududda tekstil, qurilish materiallari, uy-ro‘zg‘or buyumlari savdosi, shuningdek, ishlab chiqarish fabrikalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan 6 ta maxsus maydon tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, uch qavatli zamonaviy savdo markazi qurilishi ham rejalashtirilgan.

Umumiy qiymati 400 milliard so‘mlik loyiha 2027 yilda to‘liq ishga tushadi va 4000 ta ish o‘rni yaratiladi. Bir vaqtning o‘zida ushbu majmuaga 40 ming odam kirish salohiyatiga ega bo‘ladi. Tojikiston, Qirg‘iziston kabi qo‘shni davlatlardan keladigan xaridorlarga ham xizmat ko‘rsatadi.

M.Sulaymonov, O‘zA