Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Furqat haqida film
12:01 / 2021-09-27

Adiblar xiyobonida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan «Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi» DUK tomonidan suratga olingan «G‘urbatda Furqat bor ekan taqdirda» hujjatli filmi namoyish etildi.

Kinokartina yetuk ma’rifatparvar adib Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat hayoti va ijodiga bag‘ishlangan bo‘lib, Toshkent arxitektura- qurilish instituti bilan hamkorlikda tasvirga olingan.  

Premeradan avval, talabalar ishtirokida sahna ko‘rinishi taqdim etildi. Furqat ijodidan namunalar keltirildi. Institut rahbariyati tomonidan Furqat qoldirgan boy ma’naviy merosni abadiylashtirish borasida qilingan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Film ssenariy muallifi Baxtiyor Yoqubov, rejissyor Muzaffar Qoraboyev. Kartinani Ravshan Musayev suratga olgan. Film direktori Shuhrat Boltaboyev.

– Furqat yaqin tarixda yashab o‘tgan bo‘lsada, u bilan bog‘liq ma’lumotlarning ko‘pi ochiqlanmagan,–deydi ssenariy muallifi Baxtiyor Yoqubov. – Ko‘p ma’lumotlar faqat hujjatlarda qolib ketgan. Ayrim ma’lumotlar qayta tekshirishni talab qiladi. Ssenariyni yozishda biroz qiyinchiliklarga duch keldik. Ammo adabiyotshunoslar, tarixchilar fikrlari va maqolalariga tayanib, kartina uchun kerakli ma’lumotlarni jamladik. O‘ylaymanki, Furqat shaxsini to‘laqonli ochib bera oldik.

Filmda Shafoat Rahmatullayeva, Rasulxon Qodirxonov, Muhammadsoli Yusupov, Gleb Gollender, Mirkamol Qoraboyev, Yulduz Payziyeva, Bobur Aytmagambetov kabi aktyorlar rollar ijro etgan.

Taqdimotdan so‘ng, kinoijodkorlar bilan samimiy suhbat uyushtirilib, fikr- mulohazalar tinglandi.

D. Mamatova, O‘zA