Kuz-qish mavsumi kirishi bilan aholining gaz, elektr energiyasi va kommunal xizmatlarga ehtiyoji oshadi. Ayrim hollarda iste’molchilarning huquqlari buzilishi mumkin, ammo qonun va sud organlari orqali adolatli qarorlar qabul qilinadi.
Qashqadaryo viloyati Koson tumanlararo fuqarolik sudida ko‘rib chiqilgan ishda iste’molchining qariyb 12 million so‘m noreal qarzdorligi bekor qilindi. Sudda dalolatnomalar iste’molchi ishtirokisiz va rasmiy asosga ega bo‘lmagani aniqlandi.
Jumladan, Koson tumanida yashovchi Azimjon G‘aniyevning arizasi qondirilib, 11 million 16 ming 246 so‘m qarzdorlik qayta hisoblandi va pochta xarajati uchun 41 ming 200 so‘m ham undirib berildi.
Kuz-qishda iste’molchi quyidagilarga e’tiborli bo‘lishi lozim: gaz hisoblagichi holati va muhrlarini nazorat qilish, dalolatnoma tuzilganda shaxsan ishtirok etish, asossiz qarzdorlikka rozi bo‘lmaslik, qonun yo‘li bilan murojaat qilishdan tortinmaslik.
Shu bilan birga, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar ham qonun talablariga rioya qilishi va hisob-kitoblarda shaffoflikni ta’minlashi shart.
Qashqadaryo viloyati iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hududiy birlashmasi fuqarolar manfaatini himoya qilish va qonunbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishda faoliyatni davom ettiradi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri