Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqaroning hokimdan uy so‘rab qilgan murojaati nega qondirilmayapti?
17:25 / 2019-10-30

Yaqinda O‘zA tahririyatiga Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani “Paxtakor“ mahalla fuqarolar yig‘ini O‘zbekiston ko‘chasi 8-uy 7-xonadonda ro‘yxatda turuvchi fuqaro O‘tkirbek Chorshanbiev tomonidan murojaat kelib tushdi.


Bir shikoyat izidan

Yaqinda O‘zA tahririyatiga Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani “Paxtakor“ mahalla fuqarolar yig‘ini O‘zbekiston ko‘chasi 8-uy 7-xonadonda ro‘yxatda turuvchi fuqaro O‘tkirbek Chorshanbiev tomonidan murojaat kelib tushdi.

Arizachi murojaatda kam ta’minlangan oilalar ro‘yxatida turishi, oilaviy sharoiti o‘ta og‘ir va nochorligi, uyi yo‘qligini aytib o‘tgan. Ijarama-ijara sarson bo‘lib, muqim uyi yo‘qligi bois farzandi bolalar bog‘chasiga bora olmayotgani haqida Nishon tumani hokimi Muxtor Hayitmurodov va sobiq viloyat hokimi Zafar Ro‘zievga qayta-qayta murojaat qilgan bo‘lsa-da, uning ahvolini yaxshilash, uy-joy bilan ta’minlashga e’tibor qaratilmagani, sog‘lig‘ida nuqsonlar borligi, ayoli bo‘qoq kasalligi bilan og‘rigani, topgan mablag‘i davolatishga ketayotgani, shu bois uy-joy qurish yoki sotib olishga imkoni yetmayotganini bayon etgan. Shuningdek, tuman va viloyat hokimlari ustidan shikoyat qilib, o‘zi kabi xonadonlarni bir martaga bepul uy-joy bilan ta’minlash kerakligini iddao qiladi hamda ushbu masalaga vijdonan yondashish, chuqur o‘rganish va uni matbuotda yoritish orqali unga nisbatan yuz berayotgan nohaqlik va adolatsizliklarga barham berilishida yordam so‘ragan.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish uchun Nishon tumanida bo‘ldik. Tuman hokimi va mutasaddilar bilan uchrashdik. Tuman hokimi, sohaga aloqador hokim o‘rinbosarlari va boshqa mutasaddilar hamda murojaatchi O‘tkir Chorshanbiev ishtirokida yuzma-yuz muloqot o‘tkazildi. 

Lekin murojaatchi keltirgan vajlar o‘z isbotini topdi, deb aytolmaymiz.

– Haqiqatdan ham Chorshanbiev O‘tkir tuman hokimligiga bir necha marotaba murojaat qilgan va ushbu masalani tuman hokimi hamda tumandagi boshqa soha vakillari ishtirokida o‘rganib chiqqanmiz, – deydi tuman hokimining qurilish masasalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Norqobilov. – O‘rganishlar shuni ko‘rsatayaptiki, O‘.Chorshanbievning murojaatida keltirilgan faktlar o‘z tasdig‘ini topmayapti. Xususan, unga berilishi lozim bo‘lgan yoki u talab etayotgan uy-joy masalasini biz hal etishimiz uchun avvalo, Chorshanbiev O‘tkir oilali bo‘lgan holda turmush o‘rtog‘i bilan tuman FHDYo bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tib, hujjatini bizga taqdim qilishi lozim. Ammo shu kecha-kunduzga qadar bu hujjatni rasmiylashtirib bermayapti. Demak, bundan xulosa kelib chiqadiki, Chorshanbiev O‘tkir yolg‘iz, sog‘lom, nogironligi haqida ma’lumot yo‘q. Bundan tashqari, bugungi kunda otasining 15 sotixdan ortiq hovlisi bor, ikkita ukasi bor. O‘sha yerda ham uy-joy qilish imkoniyati mavjud.

Rost. O‘tkir Chorshanbiev bizning ishtirokimizda bo‘lib o‘tgan muloqotda ham nikoh guvohnomasini ko‘rsata olmadi. Tuman mutasaddilarining “Sizni o‘zimiz FHDYo bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tkazamiz. Pulini ham o‘zimiz to‘laymiz”, degan taklifiga ham aniq javob bermadi. Murojaatchiga FHDYo organidan ro‘yxatdan o‘tishi uchun nima to‘sqinlik qilayotgani bizga ham qorong‘u. Sababi, O‘tkir Chorshanbiev bu holatning ham izohini bermadi. Salkam 6 yildan buyon turmush o‘rtog‘im, deya ta’kidlayotgan Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida 1983 yilda tug‘ilgan Xolida Mizomova bilan sha’riy nikohda yashab kelayotgan ekan.

Xo‘sh, o‘sha hujjat Chorshanbievga nima imtiyoz beradi?

Tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Shohida Xo‘jaqulovaning ta’kidlashicha, agar o‘sha hujjat bo‘lsa, uning turmush o‘rtog‘i nomiga ijtimoiy himoyaga muhtoj ayol sifatida kredit asosida arzon uy-joy olib berish imkoniyati paydo bo‘ladi. Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan uyning boshlang‘ich to‘lovlari to‘lab beriladi.

– 2006 yildan buyon mana shu Paxtakor mahallasida rais bo‘lib faoliyat yuritayotgan bo‘lsam, Chorshanbievlar oilasini 15-16 yildan buyon bilaman, – deydi Nishon tumani “Paxtakor“ mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Egamberdi Uzoqov. – Biz mahalla tomonidan nimaiki yordam kerak bo‘lsa, hammasini berganmiz. Masalan, turmush o‘rtog‘ini yolg‘iz ona sifatida ko‘rsatib, farzandiga nafaqa puli ham ajratganmiz. Mahalla kafilligi asosida parrandachilik uchun kredit mablag‘i ham chiqarib berganmiz. Uning ham foizlarini to‘lamasdan qochib yuribdi. Hatto, uysizman, degani uchun bir xonadonga ijaraga joylashtirib, 5-6 oy davomida ijara puligacha to‘ladik. Mahallada muntazam yashamaydi. Bir gaplashsam Toshkentdaman, bir gaplashsam Samarqanddaman, deydi. Yo‘qolib ketib, orada bir telefon qiladida, yashashimga joy topib bering, deydi. Tumanimiz hokimi tomonidan ham ko‘p takliflar bildirildi. Hokim “Dehqon xo‘jaligi qilishing uchun 70 sotix yer beraman, ish, uy-joy qilishing uchun 4 sotix yer, qurilish materiallari ajrataman“ dedi. Lekin nimagadir birortasini qabul qilmaydi, faqat tayyor uy ber, deb turib olgan.

Muloqot davomida (shuncha odam guvohligida) tuman hokimi Muxtor Hayitmurodov murojaatchining uy-joy olishi uchun yetarlicha hujjatlari yo‘qligiga qaramay, unga uy-joy qurib olishi uchun tuman markazidan 4 sotixlik yer taklif qildi. Qurilish materiallarini ham olib berishga, uy bitgunicha ijarada yashab turishi uchun joy va ijara pulini ham to‘lab berishga va’da berdi. Ishlashi uchun o‘ziga 1 million 200 ming so‘m maosh to‘lanadigan ish joyi ham taklif qildi. Turmush o‘rtog‘ini ham ishga joylashtirish masalasi ko‘rildi. Lekin afsuski, O‘tkir Chorshanbiev ularning hech birini qabul qilmadi. Tayyor uy-joy olib berishini talab qildi. O‘z navbatida, bu hokim tomonidan qonun talablariga to‘g‘ri kelmasligi bois rad etildi.

Lekin bu javob ham O‘tkir Chorshanbievni qoniqtirmadi. Aftidan mojaro hali uzoq davom etadigan ko‘rinadi. Murojaatchi “yoz-yoz“dan to‘xtamaydi. Nishon tumani mutasaddilari esa qonunni buza olmasligini ta’kidlashdan charchamaydi. Qonun hamma uchun barobar, deyishadi ular. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, uni buzishga hech kimning haqqi yo‘q.

Shu o‘rinda ikki og‘iz mulohaza. Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, uy-joy sharoitini yaxshilash, kam ta’minlangan oilalarga uy-joy berish, bir so‘z bilan aytganda, “Odamlar ertaga yo uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi“ uchun zamonaviy sharoitlar yaratish borasida ilgari hech kimning xayoliga ham kelmagan g‘oyat olijanob ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat buning uchun hamma chora-tadbirlarni ko‘rayapti, barcha imkoniyatlarni ishga solayapti. Lekin afsuski, bunday ezgu ishlarni suiiste’mol qilayotgan, yanayam ochiqroq aytganda, “boqimandalik“ kayfiyatida yurganlar oz bo‘lsa-da, uchramoqdaki, bundaylar to‘g‘risida nima deyishni ham bilmaysan kishi. 

Har holda odam degan biror jo‘yali ish yoki kasbning etagidan tutib, o‘z oilasini o‘zi boqishi, davlatning yelkasiga yuk bo‘lishdan tiyilishi kerak. Ayniqsa, ishga yaroqli, yosh bo‘lsa. Masalan, mazkur murojaatchi ham hali qirqqayam kirmagan, hokimiyat, mahalla kabi idoralar undan aqalli qonuniy nikohdan o‘tishni, shunday qilsa, qonuniy imtiyozlar bo‘lishini tushuntirayotgan, hatto ishga joylab qo‘yishni va’da qilayotgan bir paytda “Yo‘q, menga tayyor uy berasan“, deb oyoq tirab turish yigitlik sha’niga munosib emas. 

Eng muhimi, Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan tub islohotlardan ko‘zlangan maqsad ham jamiyatda qonun ustuvorligiga erishishdir. Biz barcha sohalarda qonun-qoida amalda bo‘lgan va unga erishish yo‘lida qat’iy harakat qilayotgan, qolaversa, buni jahon hamjamiyati tan olayotgan davlatda yashayapmiz. Binobarin, QONUN BARChA UChUN BAROBAR! Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Ehtimol, shunday chigal vaziyatlarda adolatli yechim bo‘ladigan biror holat haqida qonun chiqaruvchilar bir o‘ylab ko‘rishsa yaxshi bo‘lardi.