Fuqaroni AQSHga noqonuniy yubormoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIBning uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Samarqand tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan Sh.Q. fuqarolarni noqonuniy tarzda AQSH davlatiga jo‘natish bilan shug‘ullanib kelayotganligini aniqladi.
U fuqarolarni Yevropa davlatlari orqali Meksikaga, so‘ngra Amerika Qo‘shma Shtatlariga olib o‘tishni va’da qilib, har bir shaxs uchun 16 ming AQSH dollar miqdorida pul talab qilib, hujjatlarni rasmiylashtirish uchun oldindan 8 ming dollari miqdorida pul so‘ragan.


Samarqand tuman Oq masjid mahallasida o‘tkazilgan faol tadbirda Sh.Q. tadbirga jalb qilingan mahalliy fuqarodan 8 ming AQSH dollari (92 million so‘mga teng pul mablag‘i) olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirildi. Mazkur holat yuzasidan fuqaro Sh.Q.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zA