Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolik va fuqarosizlik: Milliy markaz va BMT mutaxassislari talabalarga shu mavzuda ma’ruza o‘qidi
19:07 / 2021-11-02

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissarining Boshqarmasi tomonidan mamlakatimizning yuridik fakultetlari talabalari uchun fuqarosizlik masalalari yuzasidan onlayn-ma’ruza o‘tkazildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, mazkur ma’ruza “#Ibelong” (“#Men mansubman”, “#YAPrinadleju”) kampaniyasining 7 yilligi va BMTning 1961 yilgi Fuqarosizlikni kamaytirish to‘g‘risidagi konvensiyasining 60 yilligiga bag‘ishlab tashkil etildi.

Ma’ruza avvalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili o‘rinbosari Dumitru Lipkanu talabalarga tabrik yo‘lladi.

Ma’ruzadan maqsad – talabalarning fuqarosizlik sabablari va oqibatlari, dunyoda, jumladan, Markaziy Osiyoda fuqarosizlik bilan bog‘liq vaziyat haqidagi bilimlarini oshirishdan iborat. Shuningdek, yoshlarni inson huquqlari to‘g‘risidagi asosiy xalqaro hujjatlar, jumladan, BMTning Fuqarosizlik to‘g‘risidagi 1954 va 1961 yilgi konvensiyalari bilan tanishtirish ko‘zda tutilgan.

Ma’lumki, 2014 yilda BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi “#Men mansubman” deb nomlangan fuqarosizlikka 10 yil ichida barham berish kampaniyasini amalga oshirishga kirishdi. Bu tadbir – fuqarosizlik bilan bog‘liq vaziyatni hal etish va kelgusida bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan o‘nta amaliy qadamdan iborat dasturni o‘zida qamragan global harakatlar rejasidir.

2019 yilda dunyodagi barcha mamlakatlarning oliy darajadagi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan Fuqarosizlik masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi Segment majlisida “#Men mansubman” kampaniyasi doirasida dastlabki besh yilda erishilgan natijalar muhokama etildi va baholandi.

Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar tufayli mamlakatimizda fuqarosizlikka barham berish borasidagi vaziyat keyingi besh yilda tubdan o‘zgarganini ta’kidlash lozim.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish bilan bog‘liq chaqirig‘iga javoban birgina keyingi yilning o‘zida 56 ming 751 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘ldi.

Milliy va xalqaro ekspertlar tomonidan yoshlarning e’tibori joriy yilda nishonlanadigan ayni mavzuga taalluqli xalqaro sanalarning mohiyati va ahamiyatiga qaratildi. Bu yil BMTning Fuqarosizlikni kamaytirish to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilinganiga 60 yil to‘lmoqda. 1961 yilda qabul qilingan mazkur Konvensiya fuqarosizlik muammolarini hal etishga bag‘ishlangan alohida va eng asosiy ikkita xalqaro shartnomaning biridir. 

BMTning 1961 yilgi Fuqarosizlikni kamaytirish to‘g‘risidagi konvensiyasiga qo‘shilar ekan, hukumatlar fuqarolikka bo‘lgan ustuvor huquqni himoya qilishga sodiqligini namoyon etadi. Shaxsning fuqarolikka egaligi jamiyat hayotiga to‘laqonli ishtirok etish, xususan, siyosiy huquqlarini amalga oshirish, saylovda ishtirok etish, mulk huquqidan foydalanish, mehnat, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi huquqlarini qonuniy asosda keng ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini kafolatlaydi.

Fuqarolik, shuningdek, insonning mamlakat hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, mamlakatga kelish va undan chiqib ketish kabi boshqa bir qator huquqlarini ham ta’minlaydi.

Onlayn-ma’ruzada Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Samarqand davlat universiteti, Namangan davlat universiteti, Termiz davlat universiteti, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining yuridik fakultetlari talabalari ishtirok etdi.

N.Usmonova, O‘zA muxbiri