Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofotining ilk sovrindorlari taqdirlandi
22:30 / 2025-12-05

So‘nggi yillarda mamlakatmizda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyat erkinligini ta’minlash, davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash va samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda ro‘yxatdan o‘tgan NNTlar va ularning bo‘linmalari soni 10 mingdan ortiqni tashkil etadi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari faqat ijtimoiy loyihalar ijrochisi emas, balki davlat va xalqaro hamjamiyatning teng huquqli hamkoridir. Ular orqali jamiyatda ishonch, hamjihatlik va innovatsion fikrlar shakllanadi.

Xabar berib borilganidek, 1-5 dekabr kunlari Toshkent shahrida “Fuqarolik jamiyati haftaligi” bo‘lib o‘tdi. Haftalik davomida fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari keng muhokama qilindi. Anjuman doirasida bir qator davra suhbatlari, uchrashuv va muloqotlar, ko‘rgazmalar tashkil etildi.

Haftalikning yakunlovchi kunida bu yil ilk marotaba tashkil etilgan “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash kerakki, “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida ta’sis etilgan.

Mazkur milliy mukofot ilk marta o‘tkazilayotganiga qaramay, mukofot uchun 350 dan ortiq nomzodning hujjati taqdim etilgan. Ular orasidan so‘nggi ikki yilda faollik va tashabbus ko‘rsatgan yurtdoshlarimiz beshta nominatsiya bo‘yicha taqdirlandi.

Jumladan, O‘zbekiston inson huquqlari “Huquqiy tayanch” jamoat birlashmasi rahbari A’zamjon Farmonov “Fuqarolarning huquq va erkinliklari faoli” nominatsiyasi,  “Digital Generation Uzbekistan” NNT rahbari Azamat Jalolov “Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash faoli” nominatsiyasi, “Barqaror hayot” xalqaro ijtimoiy-ma’rifat markazi direktori Oliya Ilmuradova “Ijtimoiy himoya faoli” nominatsiyasi,  “Ekolog” jamoat birlashmasi direktori, ekofaol jurnalist Nargis Qosimova “Tashabbuskor ekologiya faoli” nominatsiyasi, “Sabr” Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi rahbari Mavlyudaxon Shirinova esa “Xotin-qizlar bo‘yicha ijtimoiy faoli” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldilar.Shuningdek, “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni sovrindorlari ham taqdirlandi.

[gallery-26596]

Taqdirlash marosimida fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimizdagi ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy islohotlarni mustahkamlashdagi o‘rni va ishtiroki, tashabbuslari e’tirof etildi. Fuqarolarda ijtimoiy mas’uliyat hissini oshirishda NNtlarning tashabbuslari, davlat va jamiyat hayotidagi ishtiroki muhimligi ta’kidlandi.

Muhtarama Komilova, O‘zA