Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti g‘oliblari joriy yilda ilk marta aniqlanadi
09:49 / 2025-08-26

“Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti tanlovini o‘tkazish bo‘yicha senatorlar, deputatlar, qator vazirlik va idoralar vakillaridan iborat tashkiliy qo‘mitaning dastlabki majlisi o‘tkazildi.

Senat Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshqargan majlisda “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti Prezidentimizning 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida ta’sis etilgani qayd etildi. 

Tanlov mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan fuqarolik jamiyati institutlari, faol jamoatchilik vakillari hamda tashabbuskor fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida har ikki yilda o‘tkaziladi.  

Ushbu tanlov joriy yilda ilk marotaba tashkil etilmoqda. Tanlovda “Inson huquq va erkinliklarining samarali himoyachisi”, “Yoshlar siyosati sohasidagi tashabbuskor yetakchi”, “Mahallalardagi jamoatchilik tuzilmalarining faoli”, “Eng faol jamoatchilik nazoratchisi”, “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha faol va tashabbuskor”, “Ijtimoiy innovatsiyalar va rivojlanish bo‘yicha eng faol va tashabbuskor”, “Inklyuziv jamiyat barpo etish bo‘yicha eng faol va tashabbuskor”, “Metsenatlik faoliyati bo‘yicha eng faol va tashabbuskor”  nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.

G‘oliblar tashkiliy qo‘mita xulosasi hamda keng jamoatchilik fikri asosida aniqlanadi hamda nominatsiyalar bo‘yicha birinchi o‘rin BHMning 50 baravari, ikkinchi o‘rin BHMning 40 baravari, uchinchi o‘rin BHMning 30 baravari miqdorida pul mukofoti, maxsus statuetka va sertifikat bilan taqdirlanadi.

Tanlovda ishtirok etish uchun 2025 yilning 1 oktyabriga qadar Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va uning hududiy bo‘linmalariga so‘nggi ikki yilda faoliyat yuritayotgan fuqarolik jamiyati institutlari, faol jamoatchilik vakillari va tashabbuskor fuqarolar shaxsiy ma’lumotlari, faoliyati, erishgan yutuqlarini aks ettiruvchi hujjatlar bilan birga ariza topshirishi mumkin.

Majlis yakunida tanlov haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish, g‘oliblarni shaffof tizim orqali aniqlash hamda tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa tashkiliy masalalar yuzasidan kelishib olindi.

N.Abduraimova,

O‘zA