Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolik kodeksining yangi tahririga qo‘shnichilik huquqi yangi norma sifatida kiritilmoqda
14:31 / 2025-10-22

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 apreldagi F–5464-sonli farmoyishi bilan tasdiqlangan Fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasining I bo‘limi, 1-bandida fuqarolik qonunchiligini unifikatsiya qilish va tizimlashtirish maqsadida uni inventarizatsiyadan o‘tkazish, shuningdek xalqaro standartlar talablariga hamda eng yaxshi xorijiy amaliyotlarga muvofiqlashtirish nazarda tutilgan.

Hayotiy vaziyatlar va chet el davlatlar tajribasidan kelib chiqib, Kodeksga yer uchastkasi bo‘yicha qo‘shnilar o‘rtasidagi munosabatlarni va qo‘shnilarning huquq hamda majburiyatlarini tartibga soladigan bob kiritilmoqda. Yangi tahrirdagi norma faqat yer uchastkalari chegarasini belgilash bilan cheklanmay, mulkdorlarning huquq va burchlarini o‘zaro hurmat, tenglik va hamkorlik asosida amalga oshirish zarurligini mustahkamlaydi. Bu modda fuqarolik huquqidagi qo‘shnichilik huquqi institutining mazmun-mohiyatini yanada kengaytirdi.

Qonunga ko‘ra, «joylashgan joyiga ko‘ra bir-biriga jismoniy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yer uchastkalari yoki boshqa ko‘chmas ashyo mulkdorlari yoki egalari qo‘shnilar deb topiladi». Bu ta’rif geografik yaqinlik tamoyilidan kengroqdir: u fizik ta’sir o‘tkazish imkoniyati asosida belgilangan. Demak, hatto ikki bino o‘rtasida devor yoki hovli bo‘lsa ham, agar biri ikkinchisiga ta’sir ko‘rsata olsa (shovqin, bug‘, tutun va h.k.), ular qo‘shnilar hisoblanadi.

Qonun ilk bor qo‘shnilar faqat «huquq sub’ektlari» emas, balki ijtimoiy mas’ul shaxslar ekanini belgilaydi: «Qo‘shnilar bir-birini hurmat qilishi va mulk huquqini amalga oshirishda bir-biriga zarur yordamni ko‘rsatishi kerak.» Bu qoida fuqarolik huquqidagi huquqni suiiste’mol qilishni taqiqlash tamoyilining (FKning 9-moddasi) amaliy ifodasi hisoblanadi. Har bir mulkdor o‘z huquqini boshqalarning huquqlariga zarar yetkazmagan holda amalga oshirishi shart.

Amaliyotda bu quyidagi holatlarda namoyon bo‘ladi:

  • suv, gaz, elektr yoki issiqlik tizimlarini o‘tkazishda qo‘shni bilan kelishish;
  • qurilish ishlari chog‘ida unga zarar yetkazmaslik;
  • umumiy devor yoki chegaradagi majburiyatlarni adolatli taqsimlash.

Daraxtlar, butalar va tabiiy resurslar bo‘yicha qoidalar:

Yangi modda qo‘shnichilik munosabatlaridagi ko‘p uchraydigan amaliyotiy nizo — daraxt va butalarga oid masalalarni aniqlashtirdi. Masalan: agar daraxt yoki butaning shoxlari qo‘shnining hududiga kirib, xalal bersa, mulkdor qo‘shnidan ularni kesishni talab qilishga haqli. Qo‘shni bu talabni oqilona muddatda bajarmasa, mulkdor o‘zi shoxlarni kesishi va ularni o‘zida qoldirishi mumkin. Bundan tashqari, agar daraxt mevalari umumiy foydalanishdagi yerga tushsa, ularga yovvoyi mevalar to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llaniladi. Bu qoida tabiiy foydalanish huquqi (usus fructus naturalis) bilan bog‘liq.

Qo‘shni ko‘chmas ashyoning salbiy ta’siri va uni cheklash huquqi:

Qonunning eng muhim yangi qismi — qo‘shni mulkning ta’siri bilan bog‘liq salbiy holatlarni bartaraf etish huquqidir.

Masalan: shovqin, tebranish, gaz, bug‘, tutun, hid va boshqalar yashovchilar tinchligiga ta’sir etsa, qo‘shni bunday ta’sirni to‘xtatishni sud orqali talab qilishga haqli. Agar ta’sir ruxsat etilgan me’yordan oshmasa, lekin baribir mulkdorga zarar yetkazsa, u holda qo‘shni mutanosib haq (kompensatsiya) talab qilishi mumkin. Bu norma ekologik huquq va fuqarolik huquqi chegarasida joylashgan bo‘lib, “zararsiz foydalanish” tamoyilini mustahkamlaydi.

Kommunikatsiya tizimlari va tabiiy suv oqimi:

Mulkdorning roziligisiz uning yer uchastkasiga injener yoki kommunikatsiya tizimini o‘tkazish mumkin emas (qonunda belgilangan hollar bundan mustasno). Bu qoida mulk daxlsizligi tamoyilini kafolatlaydi. Tabiiy suv oqimi esa qo‘shnilar o‘rtasida oqilona taqsimlanishi kerak. Bunda suvning tabiiy yo‘nalishi inobatga olinadi. Bu normalar suv resurslaridan foydalanishda ekologik barqarorlikni ta’minlaydi.

Qurilish ishlari va quyosh nuridan foydalanish huquqi:

Qurilayotgan bino va inshootlar:

  • milliy standartlarga mos bo‘lishi;
  • qo‘shni binolarning shamollatilishi, yoritilishi va quyosh nuridan foydalanishiga to‘sqinlik qilmasligi lozim.

Bu norma inson huquqlariga oid xalqaro tamoyillar (ayniqsa, inson uchun qulay muhitda yashash huquqi) bilan bog‘liq bo‘lib, “arxitektura adolati” va “jismoniy muhit huquqi”ni ta’minlashga xizmat qiladi.

U. Mahmudxo‘jayeva,

Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti