Fuqarolik jamiyatining muhim instituti
2017-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarining soni 1 ming 510 tadan oshdi. Ularning mingdan ziyodi an’anaviy OAV bo‘lsa, qariyb 400 tasi internet nashrlari ekani milliy mass-media makonida elektron ommaviy axborot vositalarining o‘rni tobora ortayotganidan dalolat bermoqda.
2017-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarining soni 1 ming 510 tadan oshdi. Ularning mingdan ziyodi an’anaviy OAV bo‘lsa, qariyb 400 tasi internet nashrlari ekani milliy mass-media makonida elektron ommaviy axborot vositalarining o‘rni tobora ortayotganidan dalolat bermoqda.Poytaxtimizda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan sohaning rivojlanishi va istiqbollariga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayd etilganidek, bunda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan izchil sa’y-harakatlar muhim omil bo‘lmoqda.
2016-yilda agentlik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 42 bosma, 92 elektron ommaviy axborot vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Sohada xususiy sektorning salmog‘i ortmoqda. Joriy yilning boshida davlatga qarashli bo‘lmagan OAV soni 975 taga yetgan, ya’ni milliy mass-media maydonining 63,4 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ushbu tendensiya nashriyotchilik faoliyatida ham kuzatilmoqda. Faoliyat ko‘rsatayotgan 120 dan ziyod noshirchilik korxonasining qariyb yarmi nodavlat nashriyotlar ekani mazkur yo‘nalishda kuchli raqobat muhitining shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Matbaa sohasini jahon andozalari darajasida rivojlantirish, poligrafiya korxonalarini modernizatsiyalash borasidagi sa’y-harakatlar natijasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati yaxshilanmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda ayni yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan 1 ming 750 dan ortiq korxona aholining matbaa mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq ta’minlamoqda.
Birinchi Prezidentimizning 2011-yil 30-dekabrdagi «Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to‘g‘risida»gi qarori bilan soha korxonalari besh yil muddatga bir qator soliq va bojxona to‘lovlari to‘lashdan ozod etilgandi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 27-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida»ga qaroriga muvofiq mazkur imtiyozlar muhlati yana ikki yilga – 2019-yilgacha uzaytirildi.
Mikrofirmalar va kichik korxonalarga mansub bo‘lgan matbaa tashkilotlari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 6 foizdan 5 foizgacha kamaytirildi. «Ijod» jamoat fondiga to‘lanadigan majburiy ajratmalar miqdori ikki foizdan bir foizgacha pasaytirildi.
– Agentlik tomonidan yurtimiz ijodkorlariga keng shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Agentlik bosh direktori o‘rinbosari K.Mansurov. – Jumladan, Birinchi Prezidentimizning 2010-yil 26-fevraldagi «O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzurida «Ijod» fondini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Yozuvchilar uyushmasi tomonidan taqdim etiladigan iqtidorli yosh yozuvchilarning ijod namunalarini chop etishga moliyaviy yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Bundan tashqari, hududiy boshqarmalar qoshida tashkil etilgan nashriyotlar tomonidan ham amaliy ishlar olib borilmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.