O‘zbekiston jahon hamjamiyati oldida tamoman yangi qiyofada namoyon bo‘lmoqda. Noan’anaviy tashabbuslar, ilg‘or takliflar, ularning hayotimizdagi real aksi mamlakatning xalqaro miqyosda nufuzi va obro‘sining oshishiga xizmat qilayotir. Eng asosiysi islohotlar islohot uchun emas, odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun amalga oshirilayotganini O‘zbekistonning har bir fuqarosi o‘z hayotida his etmoqda.
Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida bugungi murakkab sharoitda yurtimizda boshlangan keng qamrovli islohotlar, yangi O‘zbekistonni barpo etish sari tashlanayotgan dadil qadamlarimizning bardavom bo‘lishini ta’minlash eng asosiy vazifamiz ekanligiga e’tiborimizni qaratdi. Global inqiroz sharoitida iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlash, joylardagi mavjud muammolarni manzilli hal etish, ko‘makka muhtoj yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarimizning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishda barcha darajadagi rahbarlarning bosh vazifasi bo‘lishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.
Murojaatda ana shu o‘ta muhim vazifalarni amalga oshirishda davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishini aytib o‘tdi.
Ayniqsa, mavjud muammolarni aniqlash, ularni chuqur tahlil qilish, yechimlari bo‘yicha taklif ishlab chiqish, ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlashga ijtimoiy buyurtma asosida nodavlat notijorat tashkilotlari keng jalb etilishi muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Murojaatda bunday hamkorlikni, eng avvalo, ta’lim, madaniyat, tibbiyot, ekologiya, qurilish, kadastr, transport, kommunal xo‘jaligi, bandlik, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish kabi muammoli sohalarda keng joriy etish, bu ishlarni tashkil etishga byudjetdan 60 milliard so‘m yo‘naltirish belgilangani ayni maqsadga muvofiq bo‘ldi.
Shu bilan birga, joriy yildan Qonunchilik palatasida nodavlat notijorat tashkilotlarining doimiy vakili instituti joriy etilmoqda. Ushbu vakil quyi palata yig‘ilishlarida ishtirok etish, qabul qilinayotgan qonunlarga ta’sirchan jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklik masalalarini kiritish bo‘yicha takliflar berish vakolatiga ega bo‘ladi.
Davlatimiz rahbarining murojaatida nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini kuchaytirish, ularni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda yana bir yangi qadam bo‘ldi. Bu yo‘nalishdagi ishlar nechog‘li samarali ekanligini o‘tgan yillar tajribasidan, jumladan, yuksalish umumilliy harakati faolyatidan ham ma’lum. Ayni paytda “Yuksalish” jamiyatimizdagi dolzarb masalalarga yechim topishda davlat boshqaruvi organlari bilan samarali hamkorlik qilib kelayotir. Jumladan, harakatning viloyat hududiy bo‘linmasi tomonidan 2021 yil Davlat dasturi loyihasi uchun 100 dan ortiq takliflar berildi.
O‘tgan yili faoliyatimizda hududiy muammolarni hal etishda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik ancha kuchaytirildi. Xususan, 2020 yil Davlat dasturi bandlarida belgilangan vazifalar ijrosini amalga oshirilishida shahar va tumanlarda olib borilgan ishlar monitoringi natijalari yuzasidan harakatning viloyat hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan halq deputatlari viloyat kengashi sessiyasi muhokamasiga 4 ta masala kiritilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, o‘tgan yilda hududiy bo‘linmamiz tomonidan yoshlar bilan ishlashga katta e’tibor qaratildi. Bu yo‘nalishda turli sotsiologik tadqiqotlar, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashuvlar, “Kelajakka nazar” mavzusida motivatsion muloqotlar, “Yoshlar parlamenti” a’zolari bilan yangi huquqiy hujjatlarni mazmun-mohiyatini o‘rganishga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkazildi.
Hududiy bo‘linmamiz tashabbusi bilan ta’lim muassasalari o‘quvchilari, talabalari ishtirokida huquqiy savodxonlikni oshirish, yangi qabul qilingan qarorlarning mazmun-mohiyati bilan ularni o‘z vaqtida tanishtirish, yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitishga xizmat qiladigan turli badiiy, siyosiy, ilmiy adabiyotlarni targ‘ib qilish bo‘yicha uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Joriy yilda ham ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirish bo‘yicha aniq rejalar asosida ish olib borayotirmiz. Bu borada Prezidentimiz Murojaatnomasining mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazish faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlaridan bo‘lib turibdi.
Husan ABDUNIYAZOV,
“Yuksalish” umummilliy harakati
Jizzax viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati