Keyingi yillarda mamlakatimizning barcha sohalarida demokratik o‘zgarishlar amalga oshirilishida fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun zarur huquqiy baza yaratildi.

Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdan fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida 13-bobning o‘rin olishi va ular faoliyatining kafolatlanishi jamiyatda ochiqlik va oshkoralik, qonuniylik, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam huquqiy poydevor bo‘ldi.
Masalan, yangilangan Konstitutsiyamizda ilk bor “fuqarolik jamiyati institutlari” iborasi kiritilib, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati institutlari qatorida qayd etildi.
Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishga e’tibor berildi. Xususan, ijtimoiy loyihalar va davlat dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari sonini oshirish, ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish va huquqlarini himoya qilishga oid maqsadlar belgilab qo‘yildi.
Ushbu islohotlarning samarasini mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari soni va davlat tomonidan ularga ajratilayotgan mablag‘lar miqdori oshayotganligida, jamiyatimizda muammolarni hal etishda fuqarolik jamiyati institutlari o‘zlarining ijtimoiy loyihalari bilan faol qatnashayotganligida ko‘rishimiz mumkin.
Bugungi kunda Xorazm viloyatida 600 dan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ular Oliy Majlis va Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlari tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlarning tashabbus va ijtimoiy loyihalari davlat ijtimoiy buyurtmasi, grant va subsidiyalar doirasida rag‘batlantirilishi ularning jamiyatdagi rolini oshirishga xizmat qilmoqda.
Masalan, birgina o‘tgan 2023 yilda Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan viloyatdagi milliy madaniy markazlar va savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi faoliyati uchun 4 milliard so‘mdan ortiq subsidiya mablag‘lari yo‘naltirilgan bo‘lsa, Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi jamoat fondi tomonidan mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat granti, ijtimoiy buyurtma va subsidiya shaklida 3 milliard 560 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan.
Nodavlat notijorat tashkilotlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ishlari 2024 yilda ham davom ettirilib, ular faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida joriy yilda mahalliy byudjetdan 3 milliard 300 million so‘mdan ortiq, Oliy Majlis jamoat fondi tomonidan 3 milliard 800 million so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratilgan.
Ushbu mablag‘larning aksariyati davlat subsidiyasi doirasida faoliyat yurituvchi Savdo- sanoat palatasi viloyat boshqarmasi, viloyatdagi 4 ta milliy madaniy markaz, Nogironlar assotsiatsiyasi, “Karlar”, “Jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar” va “Ko‘zi ojizlar” jamiyatlarining viloyat, tuman va shahar bo‘linmalarining samarali foaliyati uchun yo‘naltirilgan.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Oliy Majlis va Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi jamoat fondlari tomonidan turli grant tanlovlari o‘tkazib, moliyalashtirilayotgan loyihalar soni oshib bormoqda.
Masalan, 2022 yilda Parlament va mahalliy jamoat fondlari mablag‘lari hisobidan 16 ta grant, 4 ta davlat ijtimoiy buyurtma loyihasi amalga oshirilgan bo‘lsa, 2023 yilda 21 ta NNT grant, 2 ta NNT davlat ijtimoiy buyurtma loyihasini amalga oshirgan.
Mazkur loyihalarning ko‘pchiligi aholi bandligini ta’minlash, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, odam savdosi va korrupsiyaga qarshi kurashish, huquqiy bilim va madaniyatini yuksaltirish masalalariga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Joriy yilning o‘tgan davrida esa viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan 9 ta grant va 1 ta davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihasi qo‘lga kiritilgan.
Viloyatdagi fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlari yuqoridagi loyihalari doirasida aholining turli ijtimoiy muammolarini yechishda davlat organlariga yaqin ko‘makchi bo‘lmoqda.
Mazkur jarayonlar, ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashga, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishda ijobiy natija bermoqda.
Yuqoridagilardan tashqari fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning shaffof va sog‘lom raqobat tamoyiliga asoslangan tizimini yaratish, shuningdek, ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida joriy yil 26 avgustda “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Ushbu farmon ijrosi doirasida endilikda parlament huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining hududiy bo‘linmalari tashkil etilib, nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy loyihalari manzilli qo‘llab-quvvatlanib, byurokratik to‘siqlarga chek qo‘yiladi.
Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grant va ijtimoiy buyurtma loyihalarini moliyalashtirish bilan bog‘liq jarayonlar uchun elektron platformaning yo‘lga qo‘yilishi o‘tkaziladigan tanlovlar shaffofligini ta’minlash hamda adolatli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, farmonga ko‘ra, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan qator ijobiy mexanizmlar joriy etilmoqda.
Masalan, endilikda har yili davlat organlari fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazadi va hukumat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosiga fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish bo‘yicha dastur qabul qiladi.
Bu esa nodavlat notijorat tashkilotlari ko‘magida joylardagi aholini qiynab turgan muammolarni yaqindan o‘rganish, ular yechimiga oid takliflar ishlab chiqish, to‘siqsiz jamoatchilik nazoratini olib borish hamda manzilli ijtimoiy buyurtmalar loyihalarini samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbusli ijtimoiy sheriklik loyihalarini miqdori BHMning 1 000 baravarigacha tanlovlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish tartibining joriy etilishi, grant loyihalari doirasidagi ishlarda daromad va ijtimoiy soliq stavkalari 50 foizga kamaytirilishi nodavlat notijorat tashkilotlarining moddiy-moliyaviy ahvolini yaxshilaydi.
Xulosa qilib aytganda, keyingi yillarda amalga oshirilgan huquqiy islohotlar mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ularning yanada faol va tashubbuskor bo‘lishi davlat va jamiyat boshqaruvidagi nodavlat notijorat tashkilotlarining bevosita ishtiroki uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi.
Qolaversa, ijtimoiy sheriklik institutini yanada rivojlantirish va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy mexanizmlarning yaratilishi, davlat organlari va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro ishonchli va teng manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, samarali jamoatchilik boshqaruvini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Sanjarbek TANGRIBERGENOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA