Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday choralar ko‘riladi?
16:05 / 2024-09-13

Davlatimiz rahbarining shu yil 26 avgustda qabul qilingan «Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oilalar a’zolariga homiylik tashkilotlari tomonidan soliq davri mobaynida to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladigan pul mablag‘lari tarzidagi homiylik xayriyalarining soliq solinmaydigan miqdori 15 million so‘mdan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha oshiriladi. 2025 yil 1 yanvardan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar hamda bolalar jamoat birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun belgilangan davlat bojlari miqdori ikki baravarga kamaytirilgan holda undiriladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan mazkur farmon mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminarda shular haqda so‘z bordi.

– Mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari va ular o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda, – dedi qo‘mita raisi Sh.Bafayev. – Xususan, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjetidan so‘ngi yetti yilda 718 mlrd. so‘m ajratildi. Keyingi 7 yilda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari doirasida har bir hududda «Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari» tashkil etildi. So‘nggi 3 yilda esa hududiy fondlar orqali 83 mlrd. so‘mlik 1600 ta loyiha amalga oshirildi. Mazkur farmon yangi tahrirdagi Konstitutsiya, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi hamda 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining uzviy ijrosini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning shaffof va sog‘lom raqobat tamoyiliga asoslangan tizimini, shuningdek, ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgani bilan e’tiborga molik.

Qayd etilganidek, mazkur hujjat bilan ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan mexanizmlar joriy etildi. Unga ko‘ra, har yili davlat organlari ijtimoiy buyurtma tanlovlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazadi. Shuningdek, davlat organlariga fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbusli ijtimoiy sheriklik loyihalarini bazaviy hisoblash miqdorining 1000 barobarigacha tanlovlarsiz moliyalashtirish huquqi berildi.

Seminarda so‘z olganlar mazkur farmon bilan fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash borasida qator yangi islohotlar nazarda tutilayotganini ta’kidladi. Xususan, parlament huzurida Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilib, ijtimoiy loyihalarning manzilliligi ta’minlanishi, byurokratiyaga chek qo‘yilishi qayd etildi. Shu bilan birga, fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratish bilan bog‘liq barcha jarayonlarning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan yagona elektron platforma ishga tushirilishi alohida e’tirof etildi.

Muhokamalar yakunida mazkur farmon mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA