Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolik jamiyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish Konsepsiyasi loyihasi jamoatchilik muhokamasida
11:25 / 2025-11-20

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasida fuqarolik jamiyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish Konsepsiyasi loyihasining jamoatchilik muhokamasi o‘tkazildi.

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov so‘zga chiqdi. Ta’kidlanganidek, ushbu konsepsiya Yangi O‘zbekiston islohotlarining mantiqiy davomi sifatida ochiqlik, shaffoflik va fuqarolik jamiyati boshqaruvi modelini shakllantirishni maqsad qiladi.

2016 yildan buyon amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar, 2023 yilgi Konstitutsiyaning qabul qilinishi, raqamli jamiyat rivoji hamda BMT, OECD, YeXHT kabi xalqaro tashkilotlar tavsiyalari fuqarolik jamiyatini rivojlantirishni strategik vazifaga aylantirdi. Shu bois Konsepsiyaning qabul qilinishi bugungi kunning dolzarb masalasi bo‘lib, uning bosh maqsadi kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish orqali insonparvar, ochiq davlat boshqaruviga erishishga qaratilgan. Hujjat ta’lim, ijtimoiy himoya, ekologik siyosat, tadbirkorlik, inson huquqlari va gender tengligi kabi sohalarda davlat-jamiyat sherikligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

– Konsepsiyada nodavlat notijorat tashkilotlari uchun qulay huquqiy va institutsional muhit yaratish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kengaytirish, davlat dasturlari va strategiyalarini ishlab chiqish jarayonlariga NNTlarni jalb etish, inson huquqlari madaniyatini rivojlantirish, raqamli fuqarolik jamiyatini shakllantirish kabi ustuvor tashabbuslar aks etishi maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz, – dedi Eldor Tulyakov.

Shundan kelib chiqib, Konsepsiyaning samarali amalga oshirilishi bilan qator natijalarni berishi ko‘zda tutilmoqda. Xususan, har bir davlat organi, jumladan, mahalliy bo‘g‘inlarda NNTlar bilan ishlash bo‘yicha samarali amaliyot va platformalar shakllanadi. Davlat dasturlari va strategiyalarini ishlab chiqishda NNTlar ishtirokining aniq institutsional mexanizmi yaratiladi. Davlat byudjeti muhokamalarida fuqarolik jamiyati ishtiroki kengayadi hamda to‘liq ochiq ma’lumotlar ekotizimi yo‘lga qo‘yiladi.   Shuningdek, NNTlarning ijtimoiy loyihalardagi ulushi oshadi.

Yuqorida qayd etilganidek, fuqarolik jamiyati – bu jamoatchilikning fikri va fuqarolar faolligiga asoslangan siyosiy tizim. Qabul qilinishi rejalashtirilayotgan Konsepsiya “Ochiq davlat – faol fuqaro” modelini shakllantirishda, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar tomonidan jamoatchilik kengashlari faoliyatini takomillashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, NNTlarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash, davlat grantlari tizimini rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarning fuqarolik jamiyatidagi faolligini oshirish kabi masalalar muhokama etildi. 

Shu bilan birga, muhokama jarayoni NNTlar faoliyatidagi muammo va ehtiyojlarni aniqlash, ularning huquqiy va institusional salohiyatini oshirish uchun amaliy takliflarni ishlab chiqishga zamin yaratadi. Tadbir jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, hamkorlik madaniyatini rivojlantirish va fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan jamoat tashkilotlari, davlat organlari va boshqa fuqarolik institutlari o‘rtasida samarali muloqot va hamkorlik platformasini shakllantirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiyada NNTlarning o‘rni, vazifalari va mas’uliyatini aniq belgilash, konsepsiyani amalga oshirish jarayonida shaffoflik, hisobdorlik va jamoatchilik ishtirokini ta’minlash, shuningdek, qabul qilinishi ko‘zda tutilgan mazkur hujjatning ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirini baholashga xizmat qiladigan amaliy taklif va mexanizmlarni ishlab chiqish masalalari yuzasidan taklif va mulohazalar ilgari surildi.

Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA