Mamlakatimizning Varshavadagi elchixonasi tomonidan Polsha oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar va ushbu davlatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida mamlakatimizda fuqarolik jamiyatidagi islohotlarga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonda kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, mamlakatda amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayoni jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarini qamrab olgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar berildi, deyiladi “Dunyo” axborot agentligi xabarida.
Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatni o‘rta istiqbolda taraqqiy ettirishning beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha bosh dastur – Harakatlar strategiyasi taqdim etilar ekan, bu hujjatda ham jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish, nodavlat tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish, barcha sohalarda jamoatchilik nazorati tizimini amalga oshirishning ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish masalalari ustuvor vazifa etib belgilangani alohida ta’kidlandi.
Bu borada, eng avvalo, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati samaradorligini ta’minlashga qaratilgan huquqiy asoslarni takomillashtirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi tashabbuskorligini rag‘batlantirishga qaratilgan zarur institutsional bazani mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratilayotgani e’tirof etildi.
Joriy yil mart oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan sohaga oid ikkita muhim hujjat qabul qilingani fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishda yana bir ulkan qadam bo‘lgani aytildi.
O‘zA