Prezidentimizning shu yil 16-fevraldagi PF-22-son farmoni bilan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi qabul qilindi. Mazkur hujjat keng ko‘lamli islohotlar ijrosini ta’minlashga, balki davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi institutsional asoslar orqali rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Davlat dasturida barcha sohalar kabi fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish va ularni qo‘llab-quvvatlashga oid aniq vazifalar belgilangan.
Ta’kidlash joizki, nodavlat notijorat tashkilotlar ishtirokida suv resurslarini tejash madaniyatini shakllantirish, uy xo‘jaliklarida tomorqadan unumli foydalanishni rivojlantirish kabi aniq vazifalarning belgilanishi fuqarolik jamiyatining ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardagi amaliy ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan.
Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi moliyaviy ko‘magi va mahalliy hokimliklar hamkorligida amalga oshiriladigan mazkur tashabbuslar NNTlarni innovatsion yechimlarni joriy etuvchi va ijtimoiy ta’sir yaratuvchi sub’ekt sifatida namoyon etadi. Suv resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, tajriba maydonchalarini tashkil qilish orqali ekologik barqarorlik va aholi farovonligiga xizmat qiladigan tizim shakllantiriladi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 83-maqsadida mamlakatni erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha habga aylantirish vazifasi qo‘yilgan. Bu yilgi davlat dasturida fuqarolik jamiyati institutlari uchun muloqot maydonlarini yaratish, xayriya tashkilotlari va jamg‘armalarining jamoatchilik oldidagi hisobdorligini zamonaviy mexanizmlar orqali ta’minlash, ularni tashkil etish tartibini soddalashtirish kabi chora-tadbirlarning belgilanishi shaffoflik va ishonch muhitini mustahkamlaydi.
Shuningdek, majburiy audit, hisobdorlik va ochiqlik tamoyillarining joriy etilishi esa fuqarolik jamiyatining institutsional barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Dasturda xalqaro maydonda ham fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar nazarda tutilgan. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ta’sis etilgan Xalqaro demokratiya kuni munosabati bilan Samarqand shahrida Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumini tashkil etish rejasi bu borada muhim qadamdir. Forum doirasida mintaqadagi ijtimoiy va ekologik muammolarni hal etishda fuqarolik jamiyati ishtirokini muhokama qilish, o‘zaro birdamlik va hamjihatlik g‘oyalarini ilgari surish hamda qo‘shma rezolyutsiya qabul qilish orqali demokratik islohotlar sohasida tashabbuslarni amalga oshirish maqsad qilingan.
Albatta, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish inson kapitali bilan chambarchas bog‘liq. Davlat dasturida nufuzli xalqaro reytingdagi TOP-500 oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan yosh mutaxassislarni NNT sektoriga jalb qilish, ularning maoshiga jamoat fondi mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ustamalar to‘lash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish nazarda tutilgan. Bu esa tizimga yuqori malakali kadrlarni jalb etish, boshqaruv madaniyati va loyihaviy yondashuvni shakllantirishga yordam beradi.
Yana shuni aytish mumkinki, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “Ijtimoiy ta’sirlar va notijorat tashkilotlarni boshqarish” bo‘yicha qisqa muddatli kurslarni joriy etish, ularda NNTlar xodimlarining malakasini oshirish, o‘qish xarajatlarining 50 foizlik qismini jamoat fondi mablag‘lari hisobidan qoplash mexanizmi sohada dolzarb bo‘lib turgan kadrlar salohiyati bilan bog‘liq masalalar yechimini ta’minlash imkonini yaratadi.
Bundan tashqari, davlat ijtimoiy buyurtmasi va autsorsing mexanizmlari orqali NNTlarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi fuqarolik jamiyatini davlat tizimiga integratsiya qilishda muhim ahamiyatga ega. Respublika byudjetidan mablag‘ ajratishda davlat ijtimoiy buyurtmasi uchun majburiy kvotalar belgilash, ayrim davlat funksiyalarini bosqichma-bosqich NNTlarga o‘tkazish, samaradorlikni baholash asosida mexanizmlarni takomillashtirib borish – bularning barchasi “hamkorlikka asoslangan boshqaruv” modelini joriy etadi.
O‘z navbatida, mazkur jarayon orqali davlat resurslaridan samarali foydalanish, xizmatlar sifatini oshirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish imkoniyati yaratiladi.
Davlat dasturida tadbirkorlik sub’ektlarining korporativ ijtimoiy mas’uliyatini rag‘batlantirish orqali NNTlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada kengaytirish nazarda tutilmoqda. Xayriya, korporativ badallar va daromad keltiradigan tadbirlar orqali NNTlarni qo‘llab-quvvatlayotgan sub’ektlarga imtiyozlar berish orqali biznes va fuqarolik jamiyati o‘rtasida barqaror hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, demokratik jarayonlar va fuqarolik jamiyati rivoji haqida teleradio mahsulotlar tayyorlash orqali aholining siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishga xizmat qiluvchi axborot siyosati yuritiladi. Bu orqali aholida demokratik qadriyatlar tushunchasi, huquqiy ong va siyosiy faollik darajasi yuksalib, islohotlarda jamoatchilik ishtiroki oshadi.
Eng muhimi, davlat dasturida fuqarolik jamiyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan. Unda tashkiliy-huquqiy asoslarni takomillashtirish, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash samaradorligini oshirish, NNT vakillarining huquqiy kafolatlarini kuchaytirish, davlat organlari bilan munosabatlarni to‘liq raqamlashtirish va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish kabi ustuvor yo‘nalishlar nazarda tutilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, 2026-yil davlat dasturi fuqarolik jamiyati institutlarini davlat islohotlaridagi strategik hamkor sifatida mustahkamlashga qaratilgan va bu boradagi amaliy mexanizmlar belgilab berilgan. Bu esa davlat va jamiyat o‘rtasida ochiq, shaffof hamda o‘zaro mas’uliyatga asoslangan hamkorlik modelini izchil qaror toptirishga xizmat qiladi.
Bahrom Eshquvatov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA