Mamlakatimiz aholisining turmush darajasini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim, tibbiyot, atrof-muhitni muhofaza qilish, fuqarolar bandligini ta’minlash kabi muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda nafaqat davlat organlari, balki NNT, ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari ham muhim rol o‘ynamoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 martdagi “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shaklida qo‘llab-quvvatlash hajmini yildan-yilga bosqichma-bosqich oshirib borish belgilangan.
Bugungi kunda Xorazm viloyatida 600 dan ortiq NNTlar faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi, davlat organlari va mahalliy xokimliklar tomonidan davlat granti, ijtimoiy buyurtma va subsidiyalar orqali qo‘llab-quvvatlanib kelinmoqda.

Shu orqali NNTlarning tashabbuslari va ijtimoiy loyihalari rag‘batlantirilishi ularning jamiyatdagi rolini yanada oshirishga, davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirish hamda hududiy muammolarni hal qilishga xizmat qilmoqda.
Jumladan, o‘tgan 2024 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Xalq deputatalari Xorazm viloyat Kengashi huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondlari tomonidan e’lon qilingan davlat granti va ijtimoiy buyurtma tanlovlari doirasida viloyatdagi 8 ta NNT va 3 ta MFYning 1 milliard 100 million so‘mlik loyihalari moliyalashtirilgan.
Mehnat guli mahallasidagi “Ishsiz aholini kasbga o‘qitish, qayta tayyorlash, bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlikka jalb qilishga ko‘maklashish” loyihasi, Gulzor mahallasidagi "Mahallam obod, ko‘rkam, tinch va farovon" loyihasi va Xonqa tumanidagi Olchin mahallasining “Mahallada yashil iqtisodiyotga o‘tishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash” loyihalari shular jumlasidandir.
Mazur loyihalar natijasida mahallaning 200 nafardan ortiq ishsiz aholisini kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligi ta’minlangan, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, kuzatuv kameralari va muqobil energiya vositalarida ishlovchi tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilib fuqarolarga qulay va xavfsiz muhit yaratishga ko‘maklashilgan.
Mahallalardagi bu kabi ijobiy loyihalar 2025 yilda ham davom ettirilib, mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda viloyatdagi NNTlar tomonidan qator tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondi va uning Xorazm viloyati bo‘linmasi tomonidan aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy muhofaza va sog‘liqni saqlash, atrof muhit va sanitar-gigiyenik holatni yaxshilash, ta’lim, madaniyat va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, korrupsiyaga qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarda e’lon qilingan grant tanlovlariga viloyatdagi mavjud fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan 61 ta loyiha xujjatlari topshirilgan. Loyihalarning 55 fozi nodavlat notijorat tashkilotlari, 38 foizi mahalla fuqarolari yig‘inlari va 5 foizi ommaviy axborot vositalari tomonidan taqdim etilgan. Tanlov natijalariga ko‘ra ijtimoiy ahamiyatga molik jami 11 ta yo‘nalish bo‘yicha 12 ta loyiha g‘olib deb topilib, ularni moliyalashtirishga 1 milliard 260 million so‘m mablag‘ ajratildi.
G‘olib bo‘lgan loyihalar viloyatning turli mahallalaridagi aholini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar– sport maydonchalari qurish,tomorqadan unumli foydalanishga ko‘maklashish, Qo‘shko‘pir, Xiva, Hazorasp, Urganch, Yangibozor tumanlaridagi aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha oqova suv ta’minotini yaxshilash, ko‘prik ta’mirlash hamda ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolarning sog‘lig‘ini tiklashga ko‘maklashish kabi masalalarning yechimiga qaratilgan.
Mazkur loyihalar natijasida viloyatdagi 6 ta mahallaning 2000 nafarga yaqin aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minishi, 1100 dan ortiq xonadonga oqova suv yetkazilib tomorqa yerlaridan daromad olishi, 10 nafardan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj bemorlar sog‘lig‘i tiklanishi, 2 ta mahallada aholining sport bilan doimiy shug‘ullanishi hamda xavfsiz infratuzilma sharoitlarini yaxshilashga erishiladi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur jarayonlarda mahallalarning bevosita ishtiroki ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rnini mustahkamlash, fuqarolarda mahalla tizimiga bo‘lgan ishonchni yanada oshirishga hamda aholining dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Sanjarbek TANGRIBERGENOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Xorazm viloyat hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA