Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi hamkorligida “Fuqarolik jamiyati – Yangi O‘zbekistonning mustahkam poydevori” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
– Tadbirning asosiy maqsadi – mustaqillik yillarida fuqarolik jamiyati institutlari rivoji uchun yaratilgan imkoniyatlarni tahlil qilish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki va ijtimoiy sheriklikdagi rolini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi, – deydi markazning viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Jamshid Jo‘rayev. – Shu bilan birga, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan demokratik qadriyatlarni hayotga tatbiq etish masalalari muhokama etildi.
Ma’ruzalarda, avvalo, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning amaldagi mexanizmlari, davlat tomonidan ularga yaratilgan huquqiy va moliyaviy shart-sharoitlar, grantlar hamda ijtimoiy buyurtmalar tizimi haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, 1991 yildan bugungi kunga qadar NNTlar rivojlanish bosqichlari ko‘rib chiqildi. Xususan, dastlabki yillarda huquqiy asoslarning yo‘qligi va moddiy resurslarning cheklangani sababli yuzaga kelgan qiyinchiliklar, keyinchalik qabul qilingan farmon va qarorlar orqali tizimli qo‘llab-quvvatlash choralari, fuqarolik jamiyati sub’ektlarining ijtimoiy sohalarda faol ishtirok etish imkoniyatlari kengaygani ta’kidlandi.
Tadbirda ishtirokchilar savol-javob va bahs-munozaralarda qonunchilikdagi yangiliklar, jumladan, “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” ijrosi, Vazirlar Mahkamasining 288-sonli qarori va so‘nggi qabul qilingan o‘zgarishlar haqida fikr almashdi. Shu asosda hududiy darajada fuqarolik jamiyati faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqildi.

Davra suhbati yakunida fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini kuchaytirish, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish va davlat organlari bilan hamkorlikni institutsional asosda yo‘lga qo‘yishga qaratilgan tavsiyalar qabul qilindi. Ishtirokchilar ta’kidlaganidek, fuqarolik jamiyati milliy islohotlar jarayonida faol ishtirok etmas ekan, jamiyat taraqqiyotida to‘liq samaraga erishish qiyin. Shu bois, bu kabi tadbirlar hududda yangi hamkorlik platformasi va amaliyotga yo‘naltirilgan yondashuvlar uchun mustahkam poydevor vazifasini bajaradi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.