Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolik jamiyati institutlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari kuchaytirilmoqda
12:09 / 2023-04-06

Munosabat

So‘nggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari va ular o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.

Darhaqiqat, huquqiy, demokratik va ijtimoiy davlatning negizini fuqarolik jamiyati institutlari tashkil etadi.

Jumladan, mamlakatimizda ilk bor yaqin va o‘rta muddatga qaratilgan istiqbollarini belgilab olish maqsadida 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib, nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy kafolatlarini ta’minlaydigan, zamonaviy demokratik talablarga va xalqaro standartlarga javob beradigan normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish vazifalari belgilab olindi. Hujjatda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qo‘llab-quvvatlash hajmini 2025 yilda 1,8 baravarga oshirish va ajratiladigan mablag‘ miqdorini 70 milliard so‘mga yetkazish vazifasi belgilangan.

Mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini kuchaytirish, fuqarolarning eng muhim sotsial-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgan qator qonun hujjatlari qabul qilingani diqqatga sazovordir. Ammo amaldagi Konstitutsiyada mazkur institut konstitutsiyaviy maqomga ega emas.

Raqamlarga e’tibor qaratsak, 1991 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra respublikada 95 ta NNT faoliyat ko‘rsatgan. 2000 yilning 1 yanvariga kelib ularning soni 2585 taga, 2016 yil 1 yanvar holatida 8417 taga yetgan, hozirga kunda esa 9104 tani tashkil etmoqda.

Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayonlarida fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, “aql markazlari” ekspertlari ham faol ishtirok etib, qator taklif va munosabatlar bildirganligini alohida qayd etish zarur.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida O‘zbekiston Respublikasida fuqarolik jamiyati institutlari huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlanishi kuchaytirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasida alohida “Fuqarolik jamiyati institutlari” bobi qo‘shilmoqda.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 69-moddasida Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi hamda fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati qonunga muvofiq amalga oshirilishiga oid norma kiritilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida fuqarolik jamiyati institutlariga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar nimalarda namoyon bo‘ladi?

Birinchidan, konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ilk bor “fuqarolik jamiyati institutlari” nomli bob va ibora kiritilmoqda.

Ikkinchidan, NNTlar, mahallalar, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati institutlari qatorida qayd etilmoqda.

Uchinchidan, Vazirlar Mahkamasiga fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ularning ishtirok etishini ta’minlpsh vazifasi yuklatilmoqda.

To‘rtinchidan, davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilanmoqda.

Beshinchidan, fuqarolik jamiyati institutlariga O‘zbekiston Respublikasi byudjetining shakllantirilishi va ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish vakolati berilmoqda.

Mazkur kafolatlar xalqaro huquqiy hujjatlar va rivojlangan davlatlar konstitutsiyalarida ham mustahkamlangan. Xususan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining 2016 yil 11 apreldagi “Ilg‘or tajriba va olingan saboqlar asosida fuqarolik jamiyati faoliyati uchun xavfsiz va qulay muhitni yaratish va saqlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar” nomli hisobotida fuqarolik jamiyati hamda uning institutlarini qonunchilik darajasida mustahkamlash tavsiya etiladi. Fuqarolik jamiyati atamasi Ozarbayjon, Sloveniya va boshqa bir qator davlatlarning konstitutsiyalarida ham mustahkamlangan.

Mazkur normaning kiritilishi fuqarolik jamiyati asosini tashkil etuvchi muhim institutsional tuzilmalarning huquqlari va qonuniy manfaatlari konstitutsiyaviy darajada ta’minlanishi, samarali faoliyat yuritishi va rivojlanishi, jamiyat hayotidagi o‘rnining oshishiga xizmat qiladi.

Umuman olganda, kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar jamiyatimiz hayotida fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni hamda ahamiyatini oshirish, ular faoliyatining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Anvarjon MIRKOMILOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

bo‘lim boshlig‘i.

O‘zA

  •