O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy Assotsiatsiyasi, Demokratik va inson huquqlari instituti, USAIDning O‘zbekistondagi huquqiy islohotlar Dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamkorligida «Fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy davlatchilikni qaror toptirish jarayonlariga ta’siri: nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining qonun ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash jarayonlaridagi o‘rni va roli» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Anjumanni Demokratik va inson huquqlari instituti direktori, yuridik fanlar nomzodi Sayyora Xojayeva ochib berdi va olib bordi.
Ochilish qismida USAIDning O‘zbekistondagi huquqiy islohotlar Dasturi direktorining o‘rinbosari Rahima Nazarova, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori Foziljon Otaxonov, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy Assotsiatsiyasi Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Masharipov kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy qismida yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov «Huquq ijodkorligi jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokining dolzarb masalalari», Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro toifadagi yurist, Demokratiya va inson huquqlari instituti eksperti Dilfuza Qurolova «Huquq ijodkorligi tashabbusi institutining davlat organlari faoliyatidagi ishtiroki: xalqaro va xorijiy tajriba» mavzularida ma’ruza qilishdi.
Qayd etildiki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda huquqiy davlatchilikni barpo etish, huquq ijodkorligi jarayonlarida aholining, qolaversa, jamoat tashkilotlarining roli sezilarli darajada ortdi. Buni kuni kecha muhokamasi yakunlangan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi misolida ham ko‘rish mumkin.
«Madad» nodavlat notijorat tashkiloti rahbari To‘lqin Tursunov «Qonun ijodkorligi faoliyatida «Madad» NNTning ishtiroki», Huquqiy muammolarni o‘rganish instituti rahbari, yuridik fanlar nomzodi, xalqaro arbitr Shamil Asyanov «Huquq ijodkorligi tashabbusi institutining davlat organlari faoliyatida ishtirok etish shakllari» mavzusidagi ma’ruzasi ham yig‘ilganlarda katta taassurot uyg‘otdi.
Darhaqiqat, Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha umumxalq muhokamasi davomida yoshlar, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, umuman olganda, vatanimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimizning 150 mingdan ortiq takliflari kelib tushgan. Bu fuqarolarga o‘z xohish-irodasini emin-erkin bildirishi uchun barcha qulayliklar yaratib berilayotganining yorqin namunasi hamdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonida qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishning barcha bosqichida nodavlat notijorat tashkilotlar ishtirokiga doir huquqiy asoslarni takomillashtirish kabi qator vazifalar kiritilgan edi.
Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 9 mingdan ortiq fuqarolik jamiyati institutlari misolida tahlil qilinganda, birgina O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy Assotsiatsiyasi va unga a’zo nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan vakolatli organlarga fuqarolik jamiyati rivojiga xizmat qiluvchi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan joriy yilning o‘tgan davri davomida 400 dan ortiq takliflar kiritilgan.
Tadbir asnosida ma’ruza qilgan F.Otaxonov huquq ijodkorligi tushunchasi va sub’ektlari, fuqarolik jamiyati tushunchasi, uning tarkibiga kiruvchi institutlar va ularning huquq ijodkorligi jarayonida ishtirokining huquqiy asoslari, shakllari, vositalari va institutsional ko‘rinishlari masalalarida so‘z yuritib, huquq ijodkorligida fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini ta’minlashdagi muammolarga to‘xtaldi va yechimi yuzasidan quyidagi takliflarni bildirib o‘tdi:
birinchidan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz)da fuqarolik jamiyati institutlarining qonun loyihalari va amaldagi qonun hujjatlari bo‘yicha bildirgan taklif va fikr-mulohazalariga munosabat bildirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, qonun loyihalari yuzasidan kelib tushgan takliflarni umumlashtirish vazifasini Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti zimmasiga yuklash;
ikkinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarining normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish jarayoniga jalb qilinishining samarali mexanizmlarini joriy etish, bunda amaldagi qonun hujjatlariga tegishli qo‘shimcha, o‘zgartish kiritish va unda fuqarolik jamiyati institutlari uchun motivatsiyani kuchaytirish maqsadga muvofiq.
Muhokamalar mobaynida fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy davlatchilikni qaror toptirish jarayonlariga ta’sirini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va bu boradagi muammolar ham tahlil qilindi.
O‘zA