Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
18:28 / 2024-08-26

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi hamda 2021–2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi ijrosini taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning shaffof va sogʻlom raqobat tamoyiliga asoslangan tizimini, shuningdek, ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Quyidagilar fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

davlat va jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlari faolligini yanada oshirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼnaviy va gumanitar sohalarni rivojlantirishda ularning salohiyatidan toʻlaqonli foydalanish;

jamiyat manfaatlari va aholining haqiqiy ehtiyojlarini koʻzlagan, joylarda saqlanib qolayotgan dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarni roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish;

davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish;

fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga koʻmaklashish yoʻlida taʼsirchan jamoatchilik nazorati olib borilishini ragʻbatlantirish;

fuqarolik jamiyati institutlarining xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarini yoʻlga qoʻyish hamda ularning xorijdagi uyushmalari bilan hamkorligini mustahkamlash;

fuqarolik jamiyati institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularga oʻz faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish.

2. Oliy Majlis palatalari, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha parlament komissiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari (keyingi oʻrinlarda – mahalliy Kengashlar) hamda ularning huzuridagi ijtimoiy sheriklik boʻyicha jamoat komissiyalarining quyidagitashabbuslari qoʻllab-quvvatlansin:

Oliy Majlis, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda mahalliy Kengashlar huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondlarini qoʻshib yuborish va ularning negizida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi (keyingi oʻrinlarda – Fond) hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi alohida boʻlinmalarini (keyingi oʻrinlarda – alohida boʻlinmalar) tashkil etish;

Fond mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolaridan iborat boʻlgan parlament palatalari vakillari har yili navbatma-navbat raislik qiladigan Parlament komissiyasini (keyingi oʻrinlarda – Parlament komissiyasi) tuzish, uning faoliyatiga manfaatdor vazirlik va idoralar hamda faol jamoatchilik vakillarini jalb etish;

fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va tashabbuskor fuqarolarni “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash vakolatini Parlament komissiyasiga oʻtkazish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va mahalliy Kengashlar huzurida ularning vakolatiga kiradigan vazifalarni samarali amalga oshirishga koʻmaklashuvchi fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat boʻlgan maslahat guruhlari faoliyatini jamoatchilik asosida yoʻlga qoʻyish.

3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:

Fond jami 45 ta, shu jumladan, ijro etuvchi devon – 17 ta, alohida boʻlinmalar – 28 ta shtat birligidan iborat boʻladi;

Fond ijro etuvchi devoni faoliyatini saqlash, xodimlarining mehnatiga haq toʻlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti, alohida boʻlinmalarning xuddi shunday xarajatlari tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari hisobidan qoplanadi;

Fond faoliyatini tashkil etish tartibi va uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash shartlari Oliy Majlis palatalari tomonidan belgilanadi.

4. Oliy Majlis palatalariga ikki oy muddatda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”gi qonuni va boshqa qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda oʻz qarorlarini qayta koʻrib chiqish tavsiya etilsin.

5. 2024-yil 1-oktyabrdan 2027-yil 1-oktyabrga qadar Fond mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari loyihalari doirasida toʻlanadigan quyidagi soliq turlari boʻyicha belgilangan soliq stavkalari 50 foizga kamaytirilsin:

loyihaga mehnat va fuqarolik-huquqiy shartnomalari asosida jalb qilingan mutaxassislarning mehnatga haq toʻlash tarzida olgan daromadlaridan toʻlanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;

nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan mehnatga haq toʻlashga doir xarajatlari boʻyicha toʻlanadigan ijtimoiy soliq.

6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Adliya vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar aʼzolariga homiylik tashkilotlari tomonidan soliq davri mobaynida toʻgʻridan-toʻgʻri beriladigan pul mablagʻlari tarzidagi homiylik xayriyalarining soliq solinmaydigan miqdorini oʻn besh million soʻmdan bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha oshirish;

2025-yil 1-yanvardan boshlab nogironligi boʻlgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar hamda bolalar jamoat birlashmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun belgilangan davlat bojlari miqdorini ikki baravarga kamaytirilgan holda undirish.

Adliya vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda
bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi va “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonuniga mazkur banddan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

bir kalendar yilda bank hisobvaraqlarida pul aylanmasi boʻlmagan jamoat fondlari uchun ushbu kalendar yilda oʻz faoliyatini auditorlik tekshiruvidan oʻtkazish ixtiyoriy tartibda amalga oshiriladi;

har yili vazirlik va idoralar fuqarolik jamiyati institutlariga byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ijtimoiy buyurtma berish boʻyicha tanlovlar tashkil etadi. Bunda tanlovlar ustuvor ravishda inson huquqlarini himoya qilish, korrupsiyaga murosasiz muhitni shakllantirish hamda taʼlim, tibbiyot, ekologiya, qurilish, transport, kommunal xoʻjaligi, bandlik, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish va boshqa sohalarning eng dolzarb muammolari yechimiga qaratiladi;

har yili kamida bir marotaba vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan sohaviy va hududiy fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot oʻtkaziladi;

fuqarolik jamiyati institutlariga tegishli soha va tarmoqlarda mavjud muammolarning taʼsirchan yechimini nazarda tutuvchi tashabbusli loyihalarni amalga oshirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasini olish toʻgʻrisida manfaatdor davlat organiga taklif kiritish huquqi beriladi. Bunda tashabbusli loyiha belgilangan tartibga muvofiq davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashi tomonidan ijobiy baholangan taqdirda, uning tashabbuskoriga davlat organining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha miqdorda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish yoʻli bilan ijtimoiy buyurtma berilishi mumkin.

8. Belgilab qoʻyilsinki:

davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari (keyingi oʻrinlarda – jamoatchilik kengashlari) raislari fuqarolik jamiyati institutlari vakillari orasidan tasdiqlanadi;

har yili jamoatchilik kengashlarining faoliyati samaradorligi baholanadi va uning natijalari eʼlon qilinadi;

jamoatchilik kengashlarining faol aʼzolari davlat organining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moddiy ragʻbatlantirib boriladi.

“Yuksalish” harakatiga har yili jamoatchilik kengashlari faoliyat samaradorligini baholash va uning natijalarini oʻz rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilib borish tavsiya etilsin.

9. Davlat organlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

ikki oy muddatda oʻzlarining huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hamda mazkur farmonning 8-bandida nazarda tutilgan talablar asosida qayta tashkil etsin;

“Yuksalish” harakatiga uning soʻroviga asosan jamoatchilik kengashlari faoliyatiga doir maʼlumotlarni taqdim etib borilishini taʼminlasin.

10. Adliya vazirligi uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi qonunini jamoatchilik nazorati mexanizmlarini yanada kengaytirish nuqtayi nazaridan takomillashtirish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda quyidagilar nazarda tutilsin:

jamoatchilik nazoratining ilgʻor xorijiy tajribaga asoslangan taʼsirchan shakllari;

jamoatchilik nazoratining har bir shaklini amalga oshirish mexanizmi va tartib-taomillari;

jamoatchilik nazoratining natijalariga koʻra yakuniy hujjatlarni rasmiylashtirish, jamoatchilik nazorati obyektiga kiritish va ularni koʻrib chiqishning aniq tartibi va muddatlari;

davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini tartibga solish.

11. Oliy Majlis palatalari, Adliya vazirligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, “Yuksalish” harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasining:

har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ni oʻtkazib borish, uning doirasida Oliy Majlis, Adliya vazirligida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan uchrashuv va muloqot oʻtkazish, fuqarolik jamiyati institutlarini ragʻbatlantirish boʻyicha tadbirlar tashkil etish, shu jumladan, “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash;

har ikki yilda Fond tomonidan taqdirlanadigan “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofotini taʼsis etish;

jurnalistlar oʻrtasida har yili anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yoritish yoʻnalishida nominatsiya tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Adliya vazirligi bir oy muddatda “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Belgilansinki, mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan tadbirlarni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Fondga ajratiladigan mablagʻlar, homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

12. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi aʼzolarining mazkur assotsiatsiya raisiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qoʻmitalari (komissiyalar) majlislarida nodavlat notijorat tashkilotlarining vakili sifatida ishtirok etish huquqini berish haqidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin.

Nodavlat notijorat tashkilotlarining vakili ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratining taʼsirchan mexanizmlarini joriy qilish, ularni amaliyotga toʻgʻri qoʻllash yuzasidan takliflar kiritishi hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq va manfaatlarini ifoda etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

13. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda har yili ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarini ijtimoiy sheriklik asosida jalb qilish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. Raqamli texnologiyalar vazirligi Fond bilan birgalikda 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratish bilan bogʻliq barcha jarayonlarning shaffofligini taʼminlashga qaratilgan quyidagi asosiy imkoniyatlarni nazarda tutuvchi yagona elektron platformani ishga tushirsin:

fuqarolik jamiyati institutlari va keng jamoatchilik tomonidan tanlovlar yoʻnalishlarini shakllantirish hamda ularning muhokamasida bevosita ishtirok etish;

tanlovlarda ishtirok etish uchun loyihalarni topshirish va davlat subsidiyasini olish uchun buyurtmalarni yuborish, ularni koʻrib chiqish va baholash jarayonlarini kuzatib borish;

tanlov ishtirokchilaridan talab etiladigan hujjatlarni elektron platformani davlat organlarining maʼlumotlar bazalariga integratsiya qilish orqali onlayn olish.

15. Adliya vazirligi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazining Tugatish komissiyasi bilan birgalikda Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazining mol-mulki ushbu sohada faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari ehtiyoji uchun yoʻnaltirilishini taʼminlasin.

16. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili Parlament komissiyasining asoslantirilgan hisob-kitoblariga koʻra fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlarni Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.

17. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur farmonning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri A.D. Tashkulov belgilansin.

Farmon ijrosini nazorat qilish va masʼul ijrochilarning faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                                                                                                               Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2024-yil 26-avgust

 

* * *

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga

SHARH

 

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi, shu jumladan, ularning davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratildi, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari takomillashtirildi.

Birinchidan, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga fuqarolik jamiyati institutlariga bagʻishlangan alohida bob kiritildi, ular konstitutsiyaviy institut sifatida eʼtirof etildi.

Oʻzbekiston2030” strategiyasida ham xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish va jamoatchilik boshqaruvini takomillashtirish boʻyicha islohotlar alohida yoʻnalish sifatida belgilangan.

Oʻzbekiston tarixida birinchi marotaba 2021–2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi.

Ikkinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlashning demokratik institutsional tizimi yaratilgan. Xususan, Parlament hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari huzurida jamoat fondlari tuzilgan.

Jumladan, fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash uchun Davlat byudjetidan soʻnggi yetti yilda 718 milliard soʻm ajratildi (2008-2016 yillarga solishtirganda 12 barobar koʻp).

Keyingi 3 yilda hududiy fondlar orqali 83 milliard soʻmlik 1600 ta loyiha amalga oshirildi.

Uchinchidan, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida Nogironlar jamiyati, Karlar jamiyati, Koʻzi ojizlar jamiyati, Nogironlar assotsiatsiyasi, ularning 500 ga yaqin tizim tashkilotlari toʻliq davlat homiyligiga olindi.

Toʻrtinchidan, soʻnggi 7 yilda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari doirasida har bir hududda “Nodavlat notijorat tashkilotlar uylari” tashkil etildi (350 ta NNT bepul joylashtirildi).

Beshinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish bojlari oʻrtacha ikki barobar pasaytirildi. Nogironligi boʻlgan shaxslar, faxriylar, nuroniylar, xotin-qizlar, bolalar jamoat birlashmalari ramzlarini davlat roʻyxatidan (qayta roʻyxatdan) oʻtkazish esa bojdan toʻliq ozod etildi. Qayta roʻyxatdan oʻtish muddati bir oydan 15 kunga qisqartirildi.

Oltinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan oʻz tadbirlarini oʻtkazishda adliya organining ruxsatini olish talabi bekor qilinib, ularning faoliyat erkinligi yanada mustahkamlandi.

Yettinchidan, tashqi manbalardan mablagʻ olish jarayoni osonlashtirildi. Maxsus hisob raqam ochish talabi bekor qilindi.

Mablagʻ olish boʻyicha murojaatlarni koʻrib chiqish muddati 40 kundan 15 kunga qisqartirildi. Bundan tashqari adliya organi bilan kelishmasdan olinadigan mablagʻ miqdori 5baravarga oshirildi. Natijada soʻnggi 7 yilda jalb etilgan xalqaro grantlar 125 million dollardan oshdi.

Sakkizinchidan, barcha davlat xizmatlari elektron tarzda koʻrsatilmoqda. Buning uchun alohida e-ngo.uz portali ishga tushirildi.

Toʻqqizinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari islohotlarning eng yaqin hamkoriga aylandi, har yili qabul qilinadigan Davlat dasturlarining 350 ta bandi ijrosida nodavlat notijorat tashkilotlar bevosita ishtirok etdi.

Bugun yaratilayotgan qulay sharoitlar natijasida fuqarolar huquqini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va boshqa sohalarda qariyb 10 mingta nodavlat notijorat tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda, ularda 70 mingga yaqin insonlar mehnat qilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan farmon yuqoridagi islohotlarning uzviy davomi boʻlib, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning shaffof va sogʻlom raqobat tamoyiliga asoslangan tizimini, shuningdek, ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.

Farmon bilan fuqarolik jamiyatini qoʻllab-quvvatlash borasidagi quyidagi yangi islohotlar nazarda tutilmoqda.

1. Mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrnini oshirishga xizmat qiladigan eng muhim oltita yoʻnalishi belgilab berildi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalari uchun munosib loyihalarni tanlab olish sifati va shaffofligini oshirish maqsadida sohadagi institutsional oʻzgarishlar qoʻllab-quvvatlandi.

Xususan, Parlament huzurida Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etilib, ijtimoiy loyihalarning manzilliligi taʼminlanadi, byurokratiyaga chek qoʻyiladi.

Ushbu fondni boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasiga navbatma-navbat Senat va Qonunchilik palatasi vakillari raislik qilib boradi.
Bu esa fondni boshqarish samaradorligini oshiradi.

3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari huzurida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat boʻlgan maslahat guruhlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

4. “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinganiga 10-yil boʻlgan boʻlsada, vazirlik va idoralar oʻzlari masʼul boʻlgan sohalarga ixtisoslashgan nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash ehtiyoji mavjud.

Shu bois, har yili davlat organlari ijtimoiy buyurtma tanlovlarini hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot oʻtkazishi belgilab berildi.

Davlat organlariga fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbusli ijtimoiy sheriklik loyihalarini BHMning 1000 baravarigacha tanlovlarsiz moliyalashtirish huquqi berildi.

5. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosiga fuqarolik jamiyati institutlarini ijtimoiy sheriklik asosida jalb qilishni tizimlashtirish maqsadga muvofiq.

Mazkur yoʻnalishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining kuchlarini birlashtirish maqsadida endilikda har yili Vazirlar Mahkamasi alohida dastur qabul qiladi.

6. Fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish maqsadida davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlariga fuqarolik jamiyati instituti vakili raislik qilishi tartibiga oʻtildi.

7. Davlat grantlari va ijtimoiy buyurtma loyihalarining ijtimoiy ahamiyatga molik ekanligi eʼtiborga olinib, bunday loyihalar doirasida daromad soligʻi va ijtimoiy soliq stavkalari 3 yil muddatga 50 foizga kamaytirildi. Tejalgan mablagʻlar loyiha maqsadiga yoʻnaltiriladi hamda ularning samaradorligi ortishiga xizmat qiladi.

8. Nogironligi boʻlgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar tashkilotlarini tuzishni yanada yengillashtirish uchun 2025-yil 1-yanvardan boshlab shunday tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun davlat boji 2 baravarga kamaytirildi.

9. Hozirda soliq solinmaydigan xayriya mablagʻlari miqdori bor-yoʻgʻi 15 million soʻmni tashkil etadi. Agar bunday mablagʻlar oʻz-oʻzidan qiyin vaziyatdagi fuqarolarga berilishini inobatga olsak, ushbu mablagʻdan ortiq qismi soliqqa tortilishi adolatdan emas.

Shu bois, homiylik tashkilotlarining ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga xayriya pulining soliq solinmaydigan miqdori BHMning 100 baravarigacha oshirildi.

10. Tashabbuskor va faol fuqarolik jamiyati institutlarini moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar maʼqullandi.

Jumladan, har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi” oʻtkazib boriladi. Uning doirasida Parlament komissiyasi tomonidan soha vakillari “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadi.

Har ikki yilda Oliy Majlis fondi tomonidan taqdirlanadigan “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti taʼsis etiladi.

Jurnalistlar oʻrtasida har yili anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yoritish yoʻnalishida nominatsiya tashkil etiladi.

11. Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratish bilan bogʻliq barcha jarayonlarning shaffofligini taʼminlashga qaratilgan yagona elektron platforma ishga tushiriladi.

Sodda qilib aytganda, fuqarolik jamiyati institutlarining oʻzi va keng jamoatchilik Oliy Majlis fondi oʻtkazadigan tanlovlarning yoʻnalishlarini shakllantirishda bevosita ishtirok etishi mumkin boʻladi.

Bundan tashqari, tanlovlarning barcha bosqichlari, shu jumladan, ariza berishdan tanlov natijasini eʼlon qilishgacha barchasi raqamlashtirilib, inson omili minimal darajaga tushiriladi, ishtirokchilardan ortiqcha hujjatlar soʻralishiga chek qoʻyiladi.

Farmon fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqadi, mazkur jarayonlar shaffofligining yuqori standartlarini belgilaydi.

Eng muhimi, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi bevosita ishtiroki uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi, xususan, ijtimoiy sheriklik institutini amalda rivojlantirish boʻyicha tashkiliy va huquqiy sharoitlar yaratadi, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati taʼsirchanligini oshiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur farmoni mamlakatimizdagi tub oʻzgarishlar jarayonida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qiladigan, xohish-iroda va intilishlarini ifoda etadigan nodavlat notijorat tashkilotlarining oʻrni va ahamiyatini mustahkamlash borasidagi jiddiy ahamiyatli qadam boʻldi.