Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolik jamiyati institutlari va parlament o‘rtasidagi muloqot yangi bosqichga ko‘tariladi
16:43 / 2025-02-05

Parlament tom ma’noda xalq uyiga aylanishi u yerda xalqchil va hayotiy qonunlar yaratilishiga asos bo‘ladi. Bu borada Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surgan edi.

Ana shunday muhim takliflardan biri har bir qo‘mita qoshida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlarini tuzish haqidagi taklif edi. Qo‘mitalar qoshida bunday jamoatchilik kengashlarining tuzilishi qanday ahamiyatga ega? Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov quyidagilarni qayd etdi:

– Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar natijasida parlament chin ma’noda xalqimizning ovoziga aylandi. Har bir muhokama qilinayotgan qonun bevosita xalqimiz bilan bamaslahat qabul qilinmoqda. Bu boradagi har bir jarayon oshkora amalga oshirilayotgani unda jamoatchilikning ishtirokiga keng yo‘l ochdi.

Davlatimiz rahbari Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida Qonunchilik palatasi qo‘mitalari faoliyatida fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni kuchaytirish masalasiga to‘xtalib o‘tgani bejiz emas. Keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini tubdan oshirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha yangicha tizim yaratildi.

Ushbu sohani isloh etishga, nodavlat notijorat tashkilotlari erkin faoliyat yuritishi uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilashga qaratilgan 50 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mazkur institutga alohida bob ajratilib, konstitutsiyaviy maqom berildi. Qolaversa, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning shaffof tizimi yaratildi. Natijada davlat organlari shu kabi muammolarni tezkorlik bilan hal etish choralarini ko‘rmoqda.

Davlatimiz rahbarining har bir qo‘mita qoshida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlarini tuzish haqidagi taklifi fuqarolik jamiyati institutlari va parlament o‘rtasidagi muloqotni yangi bosqichga olib chiqadi. Ular orqali xalqimiz ichiga yanada chuqurroq kirib boramiz, ularni qiynayotgan muammolar bo‘yicha samaraliroq yechimlar ishlab chiqamiz. Ilgari bu boradagi hamkorlik tizimsiz edi, mana endi jamoat kengashlari ham katta ovozga aylanadi.

Qolaversa, fuqarolik jamiyati institutlarining qonun ijodkorligi jarayonida ishtiroki kengayib, palata bilan ijtimoiy sheriklik yanada mustahkamlanadi. Eng muhimi, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi bevosita ishtiroki uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.

Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA