Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan Nurafshon shahrida “Fuqarolik jamiyati institutlarining jamoatchilik nazoratini ta’minlashdagi roli” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda hududda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, davlat idoralari mutaxassislari, mahalla fuqarolar yig‘inlari mas’ullari va jurnalistlar ishtirok etdi. Davra suhbati Prezidentimizning joriy yilning 19 sentyabr kuni qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga qaratildi.
– Jamoatchilik nazorati fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy hayotda faol ishtirok etishi uchun sharoit yaratadi, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi Shoira Axunjonova. – Albatta, bunda jamoatchilik kengashlari, ularning eshituvlari, Ommaviy axborot vositalarining roli katta. Davra suhbatida bugungi kunda jamoatchilik nazoratini to‘g‘ri amalga oshirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Xususan Toshkent viloyatida ham sohalar kesimida jamoatchilik nazoratlari o‘tkazilayotgan bo‘lib, unda ichimlik suvi ta’minoti, oqova suv, nasos uskunalarini almashtirish, magistral yo‘llarning holati, aholi gavjum joylardagi xizmatlar va dorixonalarda yaratilgan sharoitlar kabi qator masala va muammolar o‘rganilgan.

Tadbirda “Nogironlar jamiyati” Toshkent viloyati bo‘limi raisi Nuriddinxo‘ja Valiyev nogironlar uchun to‘siqsiz muhit yaratishda jamoatchilik nazorati o‘rnatishning ahamiyatiga to‘xtaldi. O‘rganishlar jarayonida ayrim hududlarda hanuzgacha bino va yo‘llar, jamoat transportlarida nogironligi bor insonlar uchun qulay muhit yaratilmagani, kamchiliklarni bartaraf etishda jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish choralari ko‘rishni taklif etdi.
NNTlarning ochiqlik va shaffoflikka qo‘shayotgan hissasi shundaki, ular mustaqil tahlilchi va kuzatuvchi sifatida davlat faoliyatini baholaydi. Ular tomonidan tayyorlangan hisobotlar, tadqiqotlar va monitoring natijalari jamiyat uchun muhim manba hisoblanadi. Shu tufayli jamoatchilik nazorati natijalari ta’sirchanligini oshirishda OAVlari hamda NNTlarning hamkorligini kuchaytirish va joylardagi muammolarni ochiq ko‘rsatish orqali davlat organlarining mas’uliyati yanada oshadi.
A.Musayev, O‘zA.