Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatidagi muammolar tahlil qilindi
20:53 / 2024-03-27

Andijonda “Demokratik islohotlar jarayonlarida davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligining dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazining Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari deputatlari, siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

– Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad joylarda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar jarayonlarida davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini yanada kuchaytirish masalalarini muhokama qilish, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazining Andijon viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Farhodbek Otaxonov. – Bu boradagi tajriba va tashabbuslar, ilg‘or ish usullarini tahlil qilish orqali amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir. 

Davra suhbatida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi tomonidan joylarda ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy va sotsial-iqtisodiy jarayonlarni monitoring qilish, siyosiy institutlar va saylov tizimi rivojlanishi muammolari, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati va jamoatchilik nazoratini rivojlantirish, diniy bag‘rikenglik va dinlararo totuvlikni ta’minlash yo‘nalishlarida o‘rganishlar o‘tkazilganligi ta’kidlandi.

Xususan, joriy yilning yanvar-mart oylarida viloyatda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar, ularning mahalliy Kengashlardagi deputatlari faoliyati o‘rganilib, tahlil qilingan. O‘rganish va tahlillarga ko‘ra, o‘tkazilgan Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari sessiyalarida partiya deputatlik guruhlari tashabbusi bilan bor- yo‘g‘i to‘rttagina qaror qabul qilingan. Bu esa joylardagi muammolarni keng jamoatchilikka yetkazish va hal etishda siyosiy partiya deputatlarining u qadar faol emasliklarini ko‘rsatadi. 

[gallery-16627]

Shuningdek, davra suhbatida Markaz mutaxassislari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda aholi kayfiyati va davlat idoralariga bo‘lgan munosabat, fuqarolar va jamoaviy murojaatlar, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat organlari bilan hamkorligi masalasi, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati samaradorligi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar bo‘yicha ma’lumot va xulosalar aytib o‘tildi. Umuman, o‘rganish va tahlillar fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatidagi xato va kamchiliklar, e’tibordan chetda qolayotgan masalalarni yuzaga chiqarib qo‘ydi.

Davra suhbatida ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarda davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish, jamoatchilik nazoratini rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama etildi.

Ishtirokchilar tomonidan yuqoridagi masalalar, shuningdek, ayni kunda milliy mafkuramizga zid yuzaga kelayotgan holatlar, siyosiy partiyalar, ularning mahalliy Kengashlardagi deputatlari, partiya guruhlari faoliyatini yanada jonlantirish, jamoatchilik muhokamasi, jamoatchilik eshituvi, jamoatchilik monitoringi, jamoatchilik ekspertizasi hamda jamoatchilik fikrini o‘rganish kabi ta’sirchan jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan keng foydalanish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. 

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni to‘laqonli amalga oshirishga davlat organlari bilan bir qatorda, demokratik institutlar ham birdek daxldor va mas’ul ekanligi ta’kidlandi. Ana shundan kelib chiqib, “Jamiyat – islohotlarning bosh tashabbuskori” g‘oyasi asosida yurtimizda fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyat yuritishini ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, davlat organlari bilan hamkorligini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi. 

–- Biz davlat idoralariga joylardagi muammolarni o‘rganish va hal etishga yaqindan ko‘maklashib kelyapmiz, – deydi “Mehrimiz sizga” ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazi rahbari Xolidaxon Mirzarahimova. – Xususan, birgina shu yilning o‘tgan davrida ruhiy tushkunlikka tushib qolgan, oilada turli tazyiqlarga uchragan  o‘nlab opa-singillarimizga ko‘maklashildi. Bu borada biz davlat idoralari – hokimliklar, oila va xotin-qizlar hamda ichki ishlar bo‘limlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. 

Davra suhbatida mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga mavzu doirasidagi ishlarni sifatli va samarali amalga oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi. Qator yo‘nalishlardagi muammolarni o‘rganish yuzasidan ishtirokchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. 

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/kIohbOuSGNE" title="Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatidagi muammolar tahlil qilindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari