Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati kafolatlanmoqda
10:10 / 2023-03-29

So‘nggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari va ular o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish borasida izchil ishlar olib borildi.

Xususan, oxirgi to‘rt yilda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 1 270 dan ortiq loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlat byudjetidan 117 milliard so‘m miqdordagi mablag‘lar ajratildi.

Shu bilan birga, ushbu ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish hamda mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yaqin va o‘rta muddatli istiqbollarini belgilab olish zarur. Ya’ni, amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining huquqiy kafolatlarini ta’minlaydigan, zamonaviy demokratik talablarga hamda xalqaro standartlarga javob beradigan normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishga ehtiyoj tug‘ilmoqda.

Aytish joizki, hozirgi kunda fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy asoslari tarqoq xolda “O‘zbekiston Respublikasining jamoat birlashmalari to‘g‘risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida”, “Jamoat fondlari to‘g‘risida”, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa yuzdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan. Aynan, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilishi va ular faoliyati kafolatlarining belgilanishi jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin hozirlaydi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 13-bobi 69-75-moddalari fuqarolik jamiyati institutlari, ular faoliyatining kafolatlariga bag‘ishlangan. Mazkur o‘zgarishlarning ahamiyati nimada ko‘rinadi? Degan savolga atroflicha tushuntirish berib o‘taman.

Birinchidan, konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ilk bor “fuqarolik jamiyati institutlari” iborasi kiritilmoqda (XIII bob).

Ikkinchidan, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati institutlari qatorida qayd etilmoqda (69-modda).

Uchinchidan, Vazirlar Mahkamasiga fuqarolik jamiyati institutlarini, qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirish vazifasi yuklatilmoqda (115-modda).

To‘rtinchidan,  fuqarolik jamiyati institutlariga O‘zbekiston Respublikasi byudjetining shakllantirilishi va ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish vakolati berilmoqda (148-modda).

Qolaversa, davlat organlari va mansabdor shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga aralashishiga, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligi asosiy qonun darajasida mustahkamlanmoqda.

Fuqarolik jamiyati quyidagi tamoyillarga tayanib faoliyat ko‘rsatadi:

siyosiy sohada hamma odamlarning huquq va erkinliklarining tengligi;

butun jahon hamjamiyatida yuridik kuchga ega bo‘lgan qonunlar asosida fuqarolar huquq va erkinliklarini kafolatlangan huquqiy himoyasi;

individlarni mulkka ega bo‘lish va halol mehnati uchun adolatli haq olish huquqiga asoslangan iqtisodiy mustaqilligi;

qonun bilan kafolatlangan fuqarolarni manfaatlari, kasbiy belgilari bo‘yicha davlatdan va partiyadan mustaqil ijtimoiy birlashmalarga birlashish imkoniyatlari;

partiya va fuqarolik harakatlarini tashkil etishda fuqarolarning erkinligi;

fuqarolarni erkin, madaniyatli, ma’naviy va ijtimoiy faol, jamiyat a’zolarini qonun oldida ma’suliyatli qilib shakllantiradigan fan, madaniyat, ta’lim va tarbiya uchun zaruriy moddiy va boshqa sharoitlarni yaratish;

faqat qonun bilan cheklangan davlat senzurasidan tashqari OAV yaratish va faoliyat yurgizish erkinligi;

davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi munosabatni barqarorlashtiradigan mexanizmni (konsensus mexanizmi) mavjudligi, hamda fuqarolik jamiyati ishlashini davlat organlari tomonidan xavfsizligini ta’minlanishi. Bu mexanizm, rasmiy bo‘ladimi, norasmiy bo‘ladimi, u o‘z ichiga qonuniy aktlarni, xalq vakillarini demokratik saylov bilan hokimiyatning, o‘z-o‘zini boshqarish turli organlari va hokazolarni tayinlash kabilarni oladi.

Fuqarolik jamiyati shaxs erkinligisiz bo‘lmaydi. Erkinlik me’yoriy ko‘rinishga ega bo‘lgani uchun bir tomondan inson erkinlikka uning normativ talablariga bo‘ysunish qobiliyati natijasida ega bo‘ladi, boshqa tomondan, shaxs erkinligi borlig‘ining tashqi shakli bu erkinlikning chegaralarini belgilovchi ijtimoiy me’yorlar hisoblanishini anglatadi. Jamiyat uchun yoki insonning o‘zi uchun eng muhim ahamiyatga ega, eng asosiy hisoblangan sohalardagina davlatning o‘zi erkinlikning o‘lchovini, me’yorini belgilab beradi. Bu esa huquqiy me’yorlar, qonunlar, konstitutsiya yordamida amalga oshiriladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining asosiy qonun darajasida mustahkamlanishi – fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlarining roli va ahamiyatini, ijtimoiy faolligi va faoliyatining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Go‘zalxon Nurmuhammedova,

O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti, yu.f.f.d. (PhD)