Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolik jamiyati institutlari davlatlararo hamkorlikni mustahkamlaydi
16:02 / 2025-12-04

Bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni hamda ishtiroki yildan-yilga kengayib bormoqda. Ularni qo‘llab-quvvatlash borasida mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayni kunlarda bo‘lib o‘tayotgan “Fuqarolik jamiyati haftaligi”da fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar keng tahlil qilinib, yangi vazifalar belgilab olinmoqda.  

Barqaror rivojlanish markazi direktori Elyorjon Saminov fuqarolik jamiyati institutlarining jamiyat ravnaqidagi roli, ularni qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

— Yangi O‘zbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlar izchil va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu jarayon fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ularning huquqiy maqomi va institutsional salohiyatini muctahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar bilan ta’minlanmoqda.  

Xususan, fuqarolik institutlarining faoliyati uchun zarur tashkiliy-huquqiy baza yaratilib, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning demokratik va shaffof mexanizmlari takomillashtirildi. Bu esa davlat organlari va jamoat tashkilotlari o‘rtasida samarali muloqot hamda hamkorlikning ilg‘or tizimini shakllantirib, islohotlarning yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qilmoqda.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bobning kiritilishi ushbu institutlarning konstitutsiyaviy maqomini mustahkamladi va ularning davlat boshqaruvidagi o‘rnini huquqiy jihatdan aniq belgilab berdi.

Shuningdek, “O‘zbekicton – 2030” strategiyasida xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi samarali davlat boshqaruvini tashkil etish hamda jamoatchilik boshqaruvini rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida mustahkamlandi. Mamlakat tarixida ilk bor qabul qilingan 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi esa mazkur islohotlarning ctrategik yo‘nalishlarini belgilab, ularni amalga oshirish uchun institutsional asos yaratib berdi.

Shu bilan birga, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari jamiyat hayotidagi ishtiroki va tashabbuskorligini faol kengaytirmoqda. Bu amaliyot aholining ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faolligini ta’minlab, jamoatchilik nazorati madaniyatining mustahkamlanishiga xizmat qiladi.  

Ma’lumki, davlat xarajatlarining 70 foizdan ortig‘i aynan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun sarflanmoqda. Bu esa aholi manfaatlarini davlat siyosatida keng inobatga olish va qaror qabul qilish jarayonlarining ochiqligini ta’minlaydi.

Natijada davlat va jamiyat o‘rtasida shaffof, inklyuziv va o‘zaro ishonchga asoslangan muloqot muhiti vujudga keldi. Bunday ijtimoiy-siyosiy dinamika demokratik boshqaruv tamoyillarini amalda mustahkamlash, fuqarolik jamiyatining barqaror rivojlanishi va mamlakatdagi keng ko‘lamli islohotlarning samaradorligini ta’minlashda muhim omil bo‘lishiga imkon yaratdi.

Xalq diplomatiyasi ham bu jarayonda strategik ahamiyatga ega va hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Nodavlat notijorat tashkilotlari va jamoatchilik vakillarining xalqaro maydondagi ishtiroki davlatlararo muloqotning samarali mexanizmlarini shakllantirib, mamlakatimiz mintaqaviy va global hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Shu yil 1 sentyabr kuni Tyanszinda bo‘lib o‘tgan SHHT davlat rahbarlari kengashi majlisida 20 dan ortiq muhim hujjatlar imzolandi. Ularda barqaror rivojlanish maqsadlari, investitsiyaviy hamkorlik, ekstremizmga qarshi kurash, energetika va “yashil” sanoat, sun’iy intellekt hamda mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi. Bu tashabbuslar mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirib, fuqarolik jamiyati va xalq diplomatiyasining global maqsadlarga qo‘shadigan hissasini oshiradi.

Bugungi globallashuv sharoitida fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati nafaqat ichki islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi, balki davlatlar o‘rtasida ishonch va hamkorlikni mustahkamlashga ham zamin yaratadi. Ana shu nuqtai nazardan, fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi aloqalarni xalqaro darajada rivojlantirish tashabbuclari xalq diplomatiyasini amalda qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa davlatlararo munosabatlarning nafaqat rasmiy kanallar orqali, balki ilmiy hamkorlik va jamoatchilik muloqoti orqali ham mustahkamlanib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA