Buxoroda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashabbusi bilan “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida “NNTlar forumi” bo‘lib o‘tdi.
Unda Xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatlari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, milliy madaniy markazlarning a’zolari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi” o‘tkazilishi belgilangan.
Dastlab viloyat hokimining o‘rinbosari A.Qalandarov viloyat hokimi Botir Zaripovning viloyatdagi fuqarolik jamiyati institutlari vakillariga murojaatini o‘qib eshittirdi.
Murojaatda ta’kidlanganidek, bugun mamlakatimizda demokratiya tamoyillariga asoslangan, ochiq va xalq xizmatidagi davlat boshqaruvi tizimini shakllantirishda fuqarolik jamiyatining o‘rni beqiyos ahamiyat kasb etmoqda. Viloyatda so‘nggi yillarda fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, aholining ijtimoiy faolligini kuchaytirish va mahalla darajasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan suv ta’minoti, yo‘l infratuzilmasi, atrof-muhit muhofazasi, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish kabi sohalarda amaliy loyihalar yo‘lga qo‘yilgani e’tirofga loyiq. Bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlari nafaqat muammolarni ko‘tarayotgan, balki ularning yechimini ham taklif etayotgan kuchli ijtimoiy sherikka aylandi.
Hokimlik ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, yangi g‘oyalarni hayotga tatbiq etish va aholi manfaatlariga xizmat qiladigan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishda doimo yordamchi bo‘lib qoladi. Olib borilayotgan faoliyat bu faqat jamoatchilik xizmati emas, balki inson qadrini ulug‘lash, xalq ishonchini oqlash va Vatan ravnaqiga hissa qo‘shish yo‘lidagi ezgu harakatdir.
Forumda Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlari qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi Buxoro viloyati bo‘linmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Shuningdek, viloyatdagi fuqarolik jamiyati institutlari rahbarlari o‘zlarining taklif va tavsilari bilan so‘zga chiqdi.
[gallery-26324]
Joriy yilning 1-5 dekabr kunlari poytaxtda bo‘lib o‘tadigan “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ga delegatlar saylandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.