“Yuksalish” umummilliy harakati, Oliy Majlis palatalari, Adliya vazirligi, shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi kabi qator nodavlat notijorat tashkilotlari va aql markazlari hamkorligida “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ga start berildi. Mazkur haftalik doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan “Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish masalalari” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Tadbirda deputatlar, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, 40 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.

Seminarda Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Mavluda Xo‘jayeva ishtirok etib, yurtimizda fuqarolik jamiyati institutlari faolligini yanada oshirish, davlat organlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar xususida to‘xtaldi:
– 2017-2024 yillarda fuqarolik jamiyati institutlarini bevosita qo‘llab-quvvatlash va samaradorligini oshirishga qaratilgan 64 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun zarur huquqiy va institutsional baza yaratildi. 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirishga imkon yaratdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritildi.

Prezidentimizning shu yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazkur sohadagi islohotlarning uzviy davomi bo‘ldi, – dedi Spiker o‘rinbosari.
Seminar davomida davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga ko‘maklashish yo‘lida olib borilayotgan ta’sirchan jamoatchilik nazorati, muammolar, ularning yechimi va kelgusida rejalashtirilgan vazifalar muhokama qilindi.

Qo‘mita raisi Gulruh A’zamova davlatimiz rahbarining Oliy Majlis palatalaridagi ma’ruzalarida fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni kuchaytirish, buning uchun har bir qo‘mita qoshida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlarini tuzish, fuqarolarning tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qonunchilik palatasi huzurida Jamoaviy tashabbuslar bo‘yicha parlament komissiyasini tashkil etish bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslari nihoyatda ahamiyatli ekanligini qayd etdi.
Mamlakatimizda ijtimoiy sheriklik va jamoat nazoratini rivojlantirish maqsadida fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi bevosita ishtiroki uchun yangi imkoniyatlar ochish, tashkiliy va huquqiy sharoitlar yaratish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish ta’sirchanligini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Tadbirda e’tirof etilganidek, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi uchun ajratilayotgan mablag‘lar yildan-yilga oshirib borilmoqda. Shuningdek, 2025 yilgi Byudjetnomada ham fuqarolik jamiyati institutlari uchun mablag‘lar ko‘zda tutilgan.
Fuqarolik jamiyati institutlari uchun yagona elektron platforma yaratilishi, bu platforma orqali davlat subsidiyalari, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar taqdim etiladigan jarayonlarning shaffofligini ta’minlash ko‘zda tutilgani aytib o‘tildi.
Seminarda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham so‘z olib, bugun ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar hamda o‘zlarining amalga oshirayotgan ezgu loyihalari xususida ma’lumot berdi va qator takliflarni bildirdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA