Davlat va jamiyat ravnaqida fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni muhim hisoblanadi. Shu bois ham mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash, ularning loyihalarini amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratib kelinadi.
Shu kunlarda poytaxtimizda “Fuqarolik jamiyati haftaligi” bo‘lib o‘tmoqda. Unda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, yangi takliflar, tashabbuslar ilgari suriladi. Mazkur forum davlat va jamiyat institutlarining bir joyda yig‘ilib, ochiq formatda fikr-mulohaza almashishida muhim maydon vazifasini o‘taydi.

Haftalikda parlament a’zolari, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etmoqda.

Haftalik doirasida nodavlat notijorat tashkilotlari milliy forumi, nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar yarmarkasi, Oliy Majlis palatalari va Adliya vazirligi rahbariyati bilan ochiq muloqotlar, xalqaro konferensiyalar, aksiyalar o‘tkazilishi belgilangan. Shu bilan birga, “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti, “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga hissa qo‘shgan eng yaxshi davlat organi” kabi mukofotlar orqali bu sohada faoliyat yuritayotganlar rag‘batlantiriladi.

Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining muhim tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Maqsadli loyihalar” aksiyasi o‘tkaziladi. Bu jamoatchilikka tayanadigan mahalliy tashabbuslarni moliyalashtirishni, tashabbuslarning qamrovini kengaytiradi, ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar hayotga jadal tatbiq etilishiga xizmat qiladi.

Ta’kidlash lozimki, bugungi global o‘zgarishlar fonida ana shunday muloqotlarni tashkil etish barqaror taraqqiyot, samarali davlat boshqaruvi va jamoatchilik ishtirokini chuqurlashtirishda, institutlar o‘rtasidagi muntazam muloqotni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Fuqarolik jamiyati institutlarining faolligi va tashabbuskorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
"Fuqarolik jamiyati haftaligi" 5 dekabrga qadar davom etadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA