Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolik ishlarini ko‘rilishidagi sud ekspertizalarini o‘tkazishda o‘z yechimini kutayotgan qanday muammolar bor?
10:37 / 2021-06-21

Oxirgi yillarda sud-huquq sohasida amalga oshirilib kelinayotgan islohotlar inson huquqlarining himoyasini ta’minlash, qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, bunda sudlarning roli ham alohida ahamiyat kasb etadi.

bugungi kunda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda nizolarni hal etish jarayonida dalillarga baho berish, protsessual qonun talablariga muvofiq, dalillar aloqadorligi va maqbulligi qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Muayyan bir ishni ko‘rishda ekspertiza tayinlash va uni o‘tkazish, ekspertning xulosasiga huquqiy baho berish va uni dalillar majmui tariqasida ishga dahldorligini aniqlash sudyalardan mas’uliyatni talab qiladi.

Ayni paytda, sudlar amaliyotida sud ekspertizasini o‘tkazishda muayyan bir muammolar va kamchiliklar yuzaga kelgan. Mazkur institutni sudlar faoliyatida qo‘llash undan samarali foydalanishda islohotlar olib borilmoqda. Ushbu islohotlarni amaliyotga joriy etish, sudlarda ekspertiza tayinlash bilan bog‘liq muammo va kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudida seminar mashg‘uloti tashkil etildi. Bu haqda Toshkent shahar sudining Jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik bo‘yicha bosh konsultanti Sadoqat Allaberganova xabar qildi.

Tadbirda Toshkent shahar sudi fuqarolik va iqtisodiy ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlari sudyalari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari sudyalari, tumanlararo iqtisodiy sudi sudyalari, Adliya vazirligi qoshidagi X.Sulaymonova nomidagi RSEM ekspertlari, Sudyalar Oliy kengashi qoshidagi Oliy maktab tinglovchilari ishtirok etdi.

— Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda muayyan ishlarni hal qilishda maxsus bilimga ega bo‘lgan fan, san’at, texnika kabi qator sohalar bo‘yicha maxsus bilimga ega shaxslar, ya’ni ekspertlarning xulosasiga tayaniladi. Fuqarolik protsessual Kodeksining 6-bobi “Fuqarolik sud ishlarini yuritish ishtirokchilari” deb nomlanadi. Unga ko‘ra, ishda ishtirok etuvchi shaxslar bilan birga odil sudlovni amalga oshirishda ko‘maklashuvchi shaxslar – ekspertlar ham alohida tilga olingan.

Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, 2020 yilda sudlarimiz tomonidan 500 dan ortiq turli xil sud ekspertizalari tayinlangan. Ushbu sud ekspertizalarini o‘tkazishdan asosiy maqsad har tomonlama qonuniy, asosli, adolatli qaror qabul qilishdan iborat. 500 dan ortiq tayinlangan sud ekspertizalarining 100 ga yaqini ob’ektiv, sub’ektiv sabablarga ko‘ra ijrosi qaytgan.

Ob’ektiv sabablar sifatida taraflar tomonidan ekspertiza to‘lovlarini amalga oshirilmaganligi, yetarli hujjatlar taqdim etilmaganligi kabi qator holatlarni keltirish mumkin.

Sub’ektiv sabablar esa sudlar tomonidan ish hujjatlarini muayyan kamchiliklar bilan yuborilishi yoxud ekspertlar tomonidan asossiz ravishda sud ekspertizalarini o‘tkazilishining cho‘zilishi holatlarini keltirish mumkin.

Fuqarolik protsessual Kodeksiga asosan sud ishni ko‘rib chiqishda ish bo‘yicha barcha dalillarni bevosita tekshirishi shart. Sud fuqarolik ishini ko‘rayotganda ishga oid dalillarni bevosita tekshirishi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlarini, guvohlarning ko‘rsatuvlarini, ekspertlarning xulosalarini va mutaxassislarning maslahatlarini (tushuntirishlarini) eshitishi, yozma dalillar bilan tanishishi, ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechirishi shart hisoblanadi.

Amaliyotda muammolar, o‘z yechimini kutayotgan masalalar yo‘q emas. Shu bois ham bugungi seminar “Sud ekspertizalarini o‘tkazish amaliyoti”ga bag‘ishlandi. Bundan maqsad esa amaliyotda vujudga kelayotgan muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlarni belgilash, sud ishlarini cho‘zilishi va fuqarolarning ovoragarchiliklarining oldini olish, qonuniy, asosli, adolatli qaror qabul qilishga erishish, - deydi Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Shuhrat Abbasov.

Tadbirda FIB Mirobod tumanlararo sudi sudyasi Jasurbek Mamayusupov O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini jadal rivojlantirish, nodavlat tashkilotlar tomonidan sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini shakllantirish maqsadida, shuningdek 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida Prezidentimizning 2019 yil 17 yanvar kuni qabul qilingan “Sud ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4125 sonli qarorning mazmun-mohiyati xususida to‘xtalib o‘tdi.

— Ushbu qarorda ilmiy tadqiqotlar natijalarini sud-ekspertlik faoliyatiga tatbiq etish, sud ekspertizalarini o‘tkazish uslubiyotini takomillashtirish, davlat sud-ekspertiza muassasalarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan.

Shu bilan birga, mazkur Qaror nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud ekspertlari qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish, sud ekspertizasi sohasida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tamomlagan shaxslarga ularning kasbiy layoqatini va sud ekspertlariga tegishli ixtisoslik bo‘yicha qo‘yiladigan malaka talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sud eksperti sertifikati berilishi, sud eksperti sertifikatini olgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan Yagona reyestrga kiritilishi, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud eksperti tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda sud eksperti sertifikatini olmasdan turib, sud ekspertizasi o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertizasini o‘tkazishda davlat sud-ekspertiza muassasalari kabi funksiyalarni amalga oshirish, ular kabi huquqqa ega bo‘lishi va majburiyatlarni bajarishi hamda javobgar hisoblanishiga oid vazifalarni o‘z ichiga olgan. Alohida ta’kidlash joizki, PQ-4125 sonli qaror bilan 2019-2020 yillarda sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlangan, - deydi FIB Mirobod tumanlararo sudi sudyasi Jasurbek Mamayusupov.

FIB Mirobod tumanlararo sudi tashabbusi bilan tashkillashtirilgan mazkur tadbir davomida X.Sulaymanova nomidagi Respublika sud ekspertiza Markazi ekspertlari, xususan Murod Kalandarov, Aslbek Normatov, Nurullo Umurzakov bilan fuqarolik ishlarini ko‘rilishida sud ekspertizasining o‘ziga xos xususiyatlari, ekspertiza o‘tkazishning protsessual tartib-qoidalari, alohida ekspertiza turlarini o‘tkazishning xususiyatlari hamda mazkur sohadagi o‘zgarishlar, muammo va uning yechimlari, ekspertiza Markazlari bilan xamkorlik mexanizmini sifatli yo‘lga qo‘yish borasida fikr va mulohazalar almashiladi.