Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tartibi soddalashtiriladi
15:15 / 2026-03-10

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish, odil sudlovni xalq manfaatlariga yanada yaqinlashtirish hamda sud jarayonlarining samaradorligini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Xususan, zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimini shakllantirish doirasida “raqamli sud” konsepsiyatsini joriy etish, sud jarayonlarida inson omilini qisqartirish va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish masalalari alohida ta’kidlandi.

Ushbu masalalar yuzasidan Toshkent davlat yuridik universiteti doktoranti Dildora Qayumberdiyeva quyidagi fikrlarni bildirdi:

– Mazkur vazifalar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ish yuritishning soddalashtirilgan tartibini rivojlantirish va takomillashtirish bilan uzviy bog‘liqdir. Chunki soddalashtirilgan tartibda ish yuritish instituti, avvalo, sud ishlarini tezkor, kam xarajatli va protsessual jihatdan samarali ko‘rib chiqishga xizmat qiladi. Bu esa fuqarolarning buzilgan huquqlarini o‘z vaqtida tiklash, sudlarga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash hamda sud yuklamasini kamaytirish imkonini beradi.

Prezident Murojaatnomasida sud jarayonlarini raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasini kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Ushbu nuqtai nazardan, fuqarolik ishlarida soddalashtirilgan tartibda ish yuritish mexanizmlarini elektron sud tizimlari bilan uyg‘unlashtirish alohida ahamiyat kasb etadi. Masalan, da’vo arizalarini elektron shaklda topshirish, ish materiallarini masofadan turib ko‘rib chiqish, sud hujjatlarini avtomatlashtirilgan tarzda tayyorlash va yetkazish soddalashtirilgan tartibning samaradorligini yanada oshiradi.

Shuningdek, Murojaatnomada sud qarorlarining ijrosini ta’minlash masalasi adolatli sudlovning ajralmas qismi sifatida baholandi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha soddalashtirilgan tartibda chiqarilgan sud qarorlari ijrosining tez va samarali amalga oshirilishi, bir tomondan, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqiy ishonchini mustahkamlasa, ikkinchi tomondan, sud-huquq tizimining real ta’sirchanligini oshiradi. Bu borada majburiy ijro jarayonlariga muqobil mexanizmlar va raqamli texnologiyalarni joriy etish soddalashtirilgan ish yuritish institutining mantiqiy davomi hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz Murojaatnomasida belgilangan sud-huquq tizimini modernizatsiya qilish, “raqamli sud” konsepsiyasini joriy etish va odil sudlovni xalq manfaatlariga yaqinlashtirish vazifalari fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda soddalashtirilgan tartibda ish yuritish institutini nazariy va amaliy jihatdan chuqur o‘rganish hamda uni yanada takomillashtirish zaruratini yuzaga keltiradi. Mazkur institut sudlovning tezkorligi, ochiqligi va adolatliligini ta’minlashda muhim vosita bo‘lib, sud-huquq islohotlarining samarali amalga oshirilishiga xizmat qiladi.

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA