Joriy yilning birinchi yarmida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 1,3 trillion co‘mdan ziyod majburiy to‘lovlarni undirish haqida 224 ming 206 sud buyrug‘i chiqarilgan.
– Bular voyaga yetmagan bolalar uchun aliment, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, yozma bitimga asoslangan va qarzdor tomonidan tan olingan talablar, kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlik to‘lovlari va boshqalarni tashkil etdi, – dedi Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov. – Shuningdek, 235 ming 171 fuqarolik ishi ko‘rib chiqilib, ularning 176 mingdan ziyodi bo‘yicha talablar qanoatlantirildi. 25 ming 716 tasi bo‘yicha talablar qanoatlantirilmasdan, rad qilindi, 29 dan ortig‘i bo‘yicha da’volar ko‘rmasdan qoldirilgan bo‘lsa, to‘rt mingga yaqini bo‘yicha ish yuritish tugatildi.
Ko‘rib tamomlangan fuqarolik ishlaridan 81 ming 694 tasi bitimlar bilan bog‘liq. 31 ming 784 tasi nikohdan ajratish, 8 ming 664 tasi uy-joy munosabatlari bilan bog‘liq, 3 mingga yaqini o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy yoki qurilmani buzish, 1,7 mingdan ziyodi otalikni belgilashga oid va boshqa toifadagi ishlarni tashkil qildi.
Nikohdan ajratishga oid ko‘rilgan ishlar tahliliga ko‘ra, ko‘rib tamomlangan ishlarning 17,5 mingga yaqini bo‘yicha da’vo talablari qanoatlantirilgan (nikohlar bekor qilingan), 10 mingdan ortig‘i bo‘yicha da’vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan (nikohlar bekor qilinmagan).
Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlari tomonidan apellyatsiya tartibida 7,3 mingdan ziyod fuqarolik ishi ko‘rib chiqildi. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 1 ming 182 qaror bekor qilinib, 479 sud qarori o‘zgartirildi.
Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan kassatsiya tartibida 1 ming 774 fuqarolik ishi ko‘rib chiqildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 228 qaror bekor qilinib, 75 sud qarori o‘zgartirildi.
Shuningdek, kassatsiya instansiyasida o‘ttizta fuqarolik ishi takroran ko‘rib chiqildi. O‘n besh sud qarori bekor qilinib, ikkita qaror o‘zgartirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA